Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 846 marta o'qildi

Kompensatsiya — nogironligi bo‘lgan shaxsga (yoki uning qonuniy vakiliga) pul shaklida to‘lanadigan, nogironligi bo‘lgan shaxs tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga sotib olingan nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida nazarda tutilgan reabilitatsiya texnik vositasi yoki ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatini qoplash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi — organizmning izdan chiqqan yoki yo‘qolgan funktsiyalarini, shuningdek nogironning mehnat faoliyati muayyan turlarini bajarishga bo‘lgan qobiliyatlarini tiklashga, ularni kompensatsiya qilishga qaratilgan tibbiy, kasbiy va boshqa reabilitatsiya chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladigan nogiron uchun maqbul bo‘lgan reabilitatsiya chora-tadbirlari kompleksi.

Sotib olinganligi uchun kompensatsiya to‘lanadigan reabilitatsiya texnik vositalari yoki ko‘rsatilgan xizmatlarga quyidagilar kiradi:
  • kreslo-aravachalar;
  • kichik gabaritli aravachalar;
  • eshitish moslamalari;
  • hassalar va qo‘ltiqtayoqlar;
  • reabilitatsiya texnik vositasini joriy ta’mirlash xarajatlari.

Nogironligi bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili kompensatsiya olish uchun hududiy boshqarmalarga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

Nogironligi bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili kompensatsiya olish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • Maxsus komissiya tomonidan belgilanadigan shakl bo‘yicha kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida ariza;
  • nogironligi bo‘lgan shaxsni tasdiqlaydigan hujjatning nusxasi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi nusxasi;
  • tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limining belgilangan tartibda reabilitatsiya qilishning texnik vositasi bilan ta’minlash uchun nogironligi bo‘lgan shaxs hisobga qo‘yilgan sana to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi;
  • reabilitatsiya qilishning texnik vositasi sotib olinganligi yoki xizmatlar ko‘rsatilganligini tasdiqlaydigan chek, kvitantsiya, talon, chipta va ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatning nusxasi;
  • reabilitatsiya qilishning texnik vositasining texnik pasporti nusxasi.

Kompensatsiya to‘lash uchun pul mablag‘lari Maxsus komissiyaning qarori asosida hududiy boshqarmalarning hisob raqamidan o‘tkaziladi.

Kompensatsiya belgilangan tartibda nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydigan joydagi Xalq banki bo‘limi orqali amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili kompensatsiya to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Sudga murojaat qilish tartibi haqida tanishish uchun quyidagi havolaga o‘ting.

Hayotiy misol:

Savol: F. ismli shaxs I guruh nogironi ekanligi va o‘zining mablag‘i hisobidan sotib olgan kreslo-aravacha uchun kompensatsiya olish maqsadida, tegishli hujjatlarni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga taqdim etgani, u erdagilar kompensatsiya puli kreslo-aravachaning o‘rtacha qiymatidan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi haqida aytishgani, shu sababli kreslo-aravachaning o‘rtacha  qiymati qanday tartibda aniqlanishi hamda ushbu to‘lov necha kunda amalga oshirilishi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Haqiqatdan ham, belgilangan tartibga ko‘ra kompensatsiya reabilitatsiya texnik vositasi yoxud ko‘rsatilgan xizmatlarning o‘rtacha qiymatidan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.

Reabilitatsiya texnik vositasining o‘rtacha qiymati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilda belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tender savdolari asosida buyurtmalar joylashtirilgan tegishli reabilitatsiya texnik vositasi narxiga teng bo‘lgan summada belgilanadi.

Xizmatlarning o‘rtacha qiymati joriy yilda ushbu vositalarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan belgilangan reabilitatsiya texnik vositalarini ta’mirlashga tariflar va baholar asosida belgilanadi.

Kompensatsiya Maxsus komissiya tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 kun mobaynida to‘lanadi.

Chat