Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22598 marta o'qildi

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha fuqarolarga quyidagi nafaqalar beriladi:

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
  • Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (shu jumladan, homila tushgan hollarda) 126 kun uchun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — 140 kun) muddatga to‘lanadi.
  • Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun ish (o‘qish) joyiga mehnatga layoqatsizlik varaqasini taqdim etish lozim.
  • Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yo‘qolgan hollarda nafaqa uning o‘rniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.
  • Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa ish haqining (stipendiya) 100 foizi miqdorida beriladi.
  • Nafaqa, ayol ta’tilga ketgunga qadar to‘lanadi. Agar ketgunga qadar olinmagan bo‘lsa, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilish lozim. Ushbu muddat o‘tgandan keyin nafaqa to‘lanmaydi.

Qo‘shimcha dam olish kuni uchun beriladigan nafaqa

Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ishlovchi ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola o‘n olti yoshga to‘lgunga qadar davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq to‘lagan holda oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni beriladi.

Dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa

Vafot etgan shaxsni dafn etish uchun uni qarindoshlariga, ular bo‘lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxsga nafaqa to‘lanadi. Nafaqa Pensiya jamg‘armasi yoki ishxona tomonidan to‘lanadi.

Nafaqa miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarini tashkil etadi. Nafaqani olish uchun o‘lim qayd etilgan kundan boshlab 6 oy ichida murojaat qilish kerak. Ushbu muddat o‘tgandan keyin nafaqa to‘lanmaydi.

Ushbu nafaqa O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladi va nafaqa puli nafaqa etkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan to‘lanadi.

Nafaqa olish uchun quyidagi hujjatlar topshirilishi lozim

a) pensiya jamg‘armasiga:

  • o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi va o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning asl nusxasi. O‘lik bola tug‘ilganda perinatal o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning asl nusxasi;
  • ariza beruvchining pasporti nusxasi.

b) ishxonaga:

  • ariza;
  • o‘lim guvohnomasi;
  • marhumning xodim bilan qarindoshligi darajasini tasdiqlaydigan hujjat (xodimning qaramog‘idagi oila a’zosi vafot etgan taqdirda).

Nafaqa hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kuni to‘lanadi.

Nafaqa quyidagi hollarda Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi
  • davlat pensiyasi oluvchi pensioner;
  • davlat ijtimoiy nafaqasi oluvchi fuqaro;
  • bola hayotining birinchi haftasi mobaynida yoki o‘lik bola tug‘ilganda (perinatal o‘lim);
  • to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar («Mehribonlik», «Saxovat», «Muruvvat» uylaridagi, jazoni o‘tash joylarida va h.k.) jismoniy shaxslar  vafot etganda.

Ishlab turgan xodim yoki uning oila a’zosi vafot etganda nafaqa u ishlab turgan tashkilot tomonidan to‘lanadi. 

Bunda, nafaqa xodim yoki uning qaramog‘ida bo‘lgan quyidagi oila a’zolari vafot etganda beriladi
  • turmush o‘rtog‘i;
  • 18 yoshga to‘lmagan yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz (yoshidan qat’i nazar) bolalari, aka-ukalari va opa-singillari;
  • ota-onasi;
  • bobosi yoki buvisi.

Yashash uchun mustaqil mablag‘ manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari qaramog‘ida turgan deb hisoblanmaydi.


Dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish sxemasi

Hayotiy misol:

Savol: L. ismli ayol asosiy ish joyidan tashqari, boshqa korxonada ham o‘rindoshlik asosida ishlashi, 2020-yil 6-sentabrdan boshlab homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqanligi, lekin ushbu ta’til uchun unga faqat asosiy ish joyidagi lavozimi bo‘yicha to‘lov amalga oshirilib, o‘rindoshlik asosida ishlovchi ish joyidan beriladigan ish haqi miqdori inobatga olinmagani, ish beruvchining ushbu xatti-harakati to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi haqida tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Xodim asosiy ish joyidan tashqari o‘sha yoki boshqa korxonada o‘rindoshlik asosida ishlasa, nafaqa barcha ish joyidagi umumiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.

Shu sababli, ushbu holatda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani hisoblashda har ikkala (asosiy va o‘rindoshlik) ish joyidagi lavozimi bo‘yicha to‘lanadigan ish haqi miqdori inobatga olinishi lozim edi.

Chat