Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6259 marta o'qildi

Savol: K. ismli shaxs yaqinda ko‘chada davlat raqami yaxshi ko‘rinmaydigan qilib qo‘yilgan avtotransport vositasi harakatlanayotganini ko‘rganini ma’lum qilib, bunday harakat uchun qanday javobgarlik mavjudligi haqida tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi 2-qismiga muvofiq, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Savol: X. ismli shaxs chorrahada svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan vaqtida, yo‘lning to‘xtab turish chizig‘ini bosib o‘tgan holda avtomashinasini chetga olib, “tez tibbiy yordam” avtomashinasini o‘tkazib yuborgani, biroq oradan 10 kun o‘tgach, yashash manziliga yo‘l-harakati qoidasini buzganligi uchun unga jarima jazosi qo‘llanilgani to‘g‘risidagi xabarnoma kelganligi, ushbu holatda u aybdor yoki aybsiz hisoblanishi to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Bunday transport vositalariga, ularning to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun yo‘l bergan transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar foto- va videoqayd etishning maxsus avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, haydovchilarning ma’muriy huquqbuzarligi oxirgi zarurat holatlarda sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish MJtKning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Shu sababli, X. ismli shaxs o‘ziga nisbatan chiqarilgan qaror ustidan o‘n kunlik muddat ichida Yo‘l harakati xizmatining vakolatli mansabdor shaxsiga yoki tuman (shahar) ma’muriy sudiga shikoyat berishi lozim. 

Savol: K. ismli shaxs 2022-yilda ishlab chiqarilgan “Lasetti” avtomashinasini sotib olgani, yangi avtotransport vositasini necha yilda texnik ko‘rikdan o‘tkazish lozimligi to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Ishlab chiqarilganligiga 5 yildan ko‘p bo‘lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (tijorat asosida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositalaridan tashqari) – 2 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim.

Ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq bo‘lgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (tijorat asosida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositalaridan tashqari)  – 1 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Savol: M. ismli shaxs hozir 19 yoshda ekanligi, 1 yildan buyon haydovchilik bilan shug‘ullanishi, yo‘nalishsiz taksini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi ekanligi haqida ma’lum qilib, buning uchun qonunchilikda qanday talablar qo‘yilgani to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida «V» ruxsat belgisi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yillik haydovchi stajiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yiladi.

Demak, M. ismli shaxs hozir 21 yoshga to‘lmagani va haydovchilik staji uch yilga etmagani uchun yo‘nalishsiz taksini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Chat