Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 37 marta o'qildi

Sanatoriya-kurortda davolanishga muhtoj ishlamaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslar, pensionerlar va yolg‘iz keksalarga bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalari beriladi.

Bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalari bilan ta’minlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar

Quyidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalaridan foydalanishlari mumkin:

  • urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning beva xotinlari (beva erlari);
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
  • Chernobilь halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
  • yolg‘iz keksalar;
  • yoshga doir pensionerlar.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar yo‘llanmalarni olish uchun taqdim etadigan hujjatlar

Yo‘llanma olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari shart:

  • tuman (shahar) tibbiyot birmashmasi rahbari nomiga ariza;
  • pasport nusxasi;
  • imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat;
  • tibbiy xulosa.

Bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalaridan foydalanish muddatlari
  • a) har yili (navbat asosida):
  • urush nogironlariga  tenglashtirilgan shaxslar;
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslarga;
  • Chernobilь AES halokati oqibatida sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar;
  • yolg‘iz keksalar.
  • b) ikki yilda bir marotaba (navbat asosida):
  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning beva xotinlari (beva erlari);
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi shaxslar.
  • v) 3 yilda bir marotaba navbat asosida sanatoriylarda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda — yoshga doir pensionerlar.

Yo‘llanmalar tibbiy xulosada quyidagi kasalliklar ko‘rsatilganda berilmaydi:
  • bemorning o‘zi va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan qo‘pol va xulqiy buzilishlar sabab bo‘ladigan ruhiy kasalliklar, xususan tez-tez (har oyda 5-martadan ko‘p) tutqanoq sodir bo‘ladigan epilepsiya, muntazam tutqanoqlarga, epileptik maqomga, kun oxiriga borib bo‘shashuvchanlikka, disforiyalarga moyillik kasalliklar;
  • jarayonning faol bosqichidagi sil kasalligi;
  • yuqumli teri va soch kasalliklari;
  • o‘tkir yuqumli kasalliklar;
  • salbiy jarayondagi, yomon holatda o‘tadigan shish kasalliklari va retsidivlari;
  • tanosil kasalliklari.

Yo‘llanmalarni o‘z vaqtida va maqsadli berilishi hamda navbatga rioya qilinishi masalalari bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sog‘lomlashtirish va protezlash milliy markaziga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki (71)-235-45-05 telefoniga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol:

Savol: U. ismli shaxs yoshga doir pensioner ekanligi, sog‘ligining holatiga ko‘ra har yili sanatoriyada dam olish zaruriyati mavjud bo‘lsada, biroq unga bu borada har yili bepul sanatoriya-kurortda dam olish uchun yo‘llanma berishmayotgani haqida ma’lum qilib, sanatoriya-kurortda dam olish uchun bepul yo‘llanmalardan foydalanuvchi shaxslar toifalari va bepul yo‘llanmalarni berish davriyligi haqida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Urush va mehnat fronti faxriylari o‘zlari uchun maqbul muddatlarda yiliga bir marta O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari sanatoriylarida o‘n ikki kunlik sog‘lomlashtirish kursidan tekin o‘tish huquqiga ega.

Bundan tashqari, a) har yili (navbat asosida):

  • urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
  • Chernobilь AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek Chernobilь halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar;
  • yolg‘iz keksalar;

b) ikki yilda bir marotaba (navbat asosida):

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning beva xotinlari (beva erlari);
  • I va II-guruh nogironlari, ko‘zi ojiz I-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;

v) sanatoriylarda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda, navbat asosida, ammo 3 yilda 1 marotaba – yoshga doir pensionerlar bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalari bilan ta’minlanadi.

Chat