Sayt test rejimida ishlamoqda

Huquqiy axborot - hammaga, har doim, hamma joyda!

  • 974 marta o'qildi

Uyda yakka tartibda ta’lim olish jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan, uzoq vaqt davolanishga muhtoj va tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra doimiy yoki vaqtincha umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qatnay olmaydigan bolalar uchun tashkil etiladi.

Uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati

T/r.

Kasallikning nomlanishi va patologik holatlari

Uyda yakka tartibda ta’lim olish muddati

I. Somatik kasalliklar

1.

Biriktiruvchi to‘qimaning tizimli shikastlanishi (tizimli qizil yugurik, dermatopoliomiozit), yoshlar revmatoid artriti va tugunchali periarteritning og‘ir turlari

6 oy

2.

Yurak va qon aylanish tizimining tug‘ma nuqsonlari (dekompesatsiya davri, turg‘un yurak va qon aylanishi etishmovchiligining II va III darajasi)

6 oy

3.

Og‘ir darajadagi tetrada Fallo kasalligi

o‘quv yili

4.

Tug‘ma va orttirilgan xarakterdagi o‘pka-bronx kasalliklarining II va III darajali turg‘un nafas etishmovchiligi

6 oy

5.

Astmaning og‘ir darajasi (haftada bir necha marta yoki har kuni xuruj qilganda)

o‘quv yili

6.

Surunkali glomerulonefrit (buyrak funktsiyasi buzilishining yaqqol klinik ko‘rinishida, qaytalash davridagi tsitostatik va steiroid davo o‘tkazilgan davrida)

o‘quv yili

7.

Surunkali pielonefrit va surunkali obstruktiv pielonefrit (buyrak funktsiyasi buzilishining yaqqol klinik ko‘rinish davri)

o‘quv yili

8.

O‘tkir glomerulonefrit birlamchi davolashdan so‘ng remissiya davrigacha, birlamchi va ikkilamchi nefrotik sindromi steroid va tsitostatik davo o‘tkazilgan davrida

o‘quv yili

9.

Turli organlarning xavfli o‘smalari

o‘quv yili

10.

Mukovistsedozning og‘ir turi

6 oy

11.

Seliakiyaning og‘ir turi (asoratlar bilan kechish davri)

6 oy

12.

Nospetsifik yarali kolitning og‘ir turi (qaytalanuvchi kechishi)

6 oy

13.

Kron kasalligining og‘ir darajasi (asoratlar bilan kechish davri)

6 oy

14.

Jigar tsirrozining dekompensatsiya darajasi

o‘quv yili

15.

Noma’lum etiologiyali oqsil-energetik etishmovchiligining og‘ir darajasi (vazn tanqisligi 30% va undan ortiq holatlarda)

6 oy

16.

O‘tkir leykoz, aplastik kamqonliklar, irsiy gemolitik kamqonliklar

o‘quv yili

17.

Og‘ir gemorragik kriz bilan kechuvchi doimo qaytalanib turuvchi surunkali trombotsitopatiya, trombotsitopenik purpura, gemofiliya, Villibrand va Glьntsman kasalliklari

6 oy

18.

Tug‘ma va orttirilgan immun tanqisligi holatlari

o‘quv yili

II. Psixonevrologik kasalliklar

1.

Ruhiy kasalliklar(shizofreniya, psixozning zo‘raygan davri)

o‘quv yili

2.

Og‘ir nevrozlar (nevrasteniya, psixoasteniya), nevroz holatlarining zo‘raygan davri, shu jumladan enkoprez, kunduzgi turg‘un enurez, dekompensatsiya davridagi duduqlanish

o‘quv yili

3.

Turli etiologiyali yaqqol ko‘rinadigan entsefaloastenik holatlar (travmatik, yuqumli, somatik)

o‘quv yili

4.

Psixopatiyalar, dekompensatsiya davridagi psixopatik holatlar

o‘quv yili

5.

Epilepsiyaning zo‘raygan davrida

o‘quv yili

6.

Mustaqil harakat qila olmaslikka olib kelgan tayanch-harakat a’zolarining buzilishi

o‘quv yili

7.

Bolalar tserebral falaji va uning asoratlari (engil turi)

o‘quv yili

8.

Bolalar autizmi (xulq-atvor buzilishlari bilan, o‘z-o‘zini boshqara olmaydigan harakatlar sindromi)

o‘quv yili

9.

Miopatiya. Miasteniyaning tarqalgan shakli

o‘quv yili

10.

Asab tizimining demielinlashtiruvchi kasalliklari (yaqqol namoyon bo‘lgan klinika davri)

o‘quv yili

III. Xirurgik kasalliklar

1.

Tayanch a’zolarining falaji va toz suyaklari faoliyatining buzilishi bilan bog‘langan orqa miya churrasi

o‘quv yili

2.

Siydik tuta olmaslik, siydik pufagining ekstrofiyasi, siydik yo‘llarining atoniyasi dekompensatsiyalangan shakli. Najas tuta olmasligi

o‘quv yili

3.

Orqa chiqaruv yo‘llarining atreziyasi

6 oy

4.

Turli kasalliklarda oyoqlarning falaji

o‘quv yili

5.

Surunkali tayanch-harakat a’zolari kasalligi (surunkali osteomielit suyak sili, osteoxondropatiya)

o‘quv yili

6.

Bosh miya operatsiyasidan keyingi asoratlangan holatlar

o‘quv yili

7.

Tayanch-harakat tizimida o‘tkazilgan operatsiyalardan keyingi reabilitativ davr

6 oydan 1 yilgacha

IV. Teri kasalliklari

1.

Tug‘ma bullezepidermoliz

o‘quv yili

2.

Tug‘ma ixtiozning zo‘raygan davri

6 oy

3.

Eritrodermiya psoriazining yiringli turi

6 oy

4.

Artropatik psoriazi

6 oy

5.

O‘tkir teri sil kasalligi

o‘quv yili

Uyda ta’lim berishni tashkil etish tartibi

Uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxatida belgilangan kasallik (patologik holat) alomatlari bo‘lgan o‘quvchining ota-onasi o‘quvchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun xalq ta’limi bo‘limida tashkil etilgan tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qiladi.

Tibbiy-maslahat komissiyasiga o‘quvchining kasallik tarixidan ko‘chirma, kasallik bo‘yicha maxsus davolash-profilaktika muassasalarining xulosasi, zaruratga ko‘ra boshqa diagnostika tekshiruvlari natijalari taqdim etiladi.

Tibbiy ko‘rik tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi.

Tibbiy xulosa tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan kunning o‘zida taqdim etiladi.

Ota-onalar farzandlarining uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish to‘g‘risida ariza bilan maktab direktori nomiga murojaat qiladilar.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • o‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
  • o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli (ta’lim olgan bo‘lsa);
  • o‘quvchi ota-onasining fuqarolik pasporti nusxalari;
  • tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi.

Maktab direktori tomonidan ariza qabul qilib olingach 10 kunda xalq ta’limi bo‘limining buyrug‘iga asosan o‘quvchiga uyda yakka tartibda ta’lim beruvchi o‘qituvchilarni biriktirish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.

O‘quvchida bir vaqtning o‘zida bir necha kasallik turlari uchrasa yoki unga fan o‘qituvchilaridan tashqari boshqa mutaxassislarning (logoped, psixolog, defektolog va boshqalar) yordami kerak bo‘lib, maktabda bunday mutaxassis bo‘lmasa, ushbu mutaxassislar jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) yoki boshqa ta’lim muassasalaridan o‘rindoshlik asosida jalb etiladi. Bunda ushbu mutaxassislarga o‘rindoshlik asosida ishlaganligi uchun maktab tomonidan haq to‘lanadi.

O‘quvchiga fan o‘qituvchilaridan tashqari mutaxassislarni biriktirish uchun xalq ta’limi tuman (shahar) bo‘limlari mas’ul hisoblanadi.

Ta’lim-tarbiya jarayoni

O‘quvchiga o‘quv reja asosida ta’lim-tarbiya beriladi.

Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish maktabning o‘quv dasturi, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish esa aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi.

O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1-4-sinflar uchun 8 soat, 5-9-sinflar uchun 10 soatni tashkil qiladi.

Dars jadvali maktab tomonidan o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, ota-onalar bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi hamda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi. Dars jadvali haftasiga kamida 3 kunga moslab tuziladi.

Dars soatining davomiyligi jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 45 daqiqa, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.

O‘quvchi og‘ir miya jarohatlari, bosh miyada bo‘lgan jarrohlik operatsiyalari, shuningdek kasalligi zo‘raygan davrda yoki o‘quvchining ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa holatlarda tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasiga asosan, unda ko‘rsatilgan muddatga o‘qishdan ozod etilishi mumkin.

Baholash va imtihon

Dars mashg‘ulotlarida o‘quvchining olgan baholari mazkur maxsus shakldagi baholash daftariga qayd etib boriladi. Baholash daftari har bir fan bo‘yicha alohida yuritiladi. O‘quvchining baholash daftariga qo‘yilgan baholar o‘quvchi ro‘yxatda turgan maktabning sinf jurnaliga ko‘chirib boriladi.

Ota-onalar tomonidan baholash daftariga o‘qituvchilar tomonidan dars mashg‘ulotlari o‘tkazilganligini tasdiqlovchi imzo qo‘yiladi. O‘quvchining baholash daftari o‘qituvchida saqlanadi va o‘quv yili oxirida boshqa hisobotlar bilan birgalikda maktab rahbariyatiga taqdim etiladi.

O‘quvchilar uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat attestatsiyasi maktab direktorining buyrug‘iga muvofiq tashkil etiladi. Ota-onalarning istaklari hamda o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, bosqichli nazorat va yakuniy davlat attestatsiyasi o‘quvchining uyida yoki maktabda o‘tkazilishi mumkin.

Yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchiga ta’lim olganligi to‘g‘risida shahodatnoma beriladi.

Mazkur hujjatga o‘quv reja bo‘yicha o‘quvchi tomonidan o‘zlashtirilgan fanlar uchun baho qo‘yiladi, dars mashg‘ulotlari o‘tilmagan fanlarga baho qo‘yilmaydi hamda uning o‘rniga «ozod etilgan» degan so‘zlar yozib qo‘yiladi.

 
Chat