Sayt test rejimida ishlamoqda

Huquqiy axborot - hammaga, har doim, hamma joyda!

  • 1682 marta o'qildi

1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilariga quyidagi o‘quv qurollari to‘plami tekin beriladi:
  • portfelь;
  • 12 ta daftar;
  • plastilin;
  • oddiy va rangli qalamlar;
  • qalamdon;
  • ruchkalar;
  • o‘chirg‘ichlar;
  • elim;
  • rangli qog‘ozlar to‘plami;
  • rasm chiziladigan alьbom;
  • bo‘yoqlar.

Qishki kiyim bilan ta’minlash

Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan o‘quvchilar bepul qishki kiyim bosh to‘plami bilan ta’minlanishi shart.

Qishki kiyim-bosh to‘plamiga quyidagilar kiradi:

  • palьto yoki kurtka;
  • etik;
  • telpak;
  • qo‘lqop.

Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash maktab rahbarlari va ota-onalar qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘quvchilarga kiyim-bosh va poyabzallar berish sentyabrь oyida amalga oshirilishi kerak.

Ota-onalar qo‘mitasi va maktab pedagogika kengashi majlisi bayonnomasidan ko‘chirma kiyim-bosh berish huquqiga asos hisoblanadi, unga muvofiq son va so‘m ifodasida buyumlar ro‘yxati ko‘rsatilgan holda o‘quvchilarning familiyalari keltirilgan vedomostь tuziladi.

Bolalarning familiyalari qarshisiga ota-onalar yoki yaqin qarindoshlar imzo chekadilar.

Darsliklar bilan ta’minlash

Quyidagilar darsliklar bilan bepul ta’minlanadi:

  • 1-sinf o‘quvchilari;
  • maxsus maktab va maktab-internatlarining tarbiyalanuvchilari;
  • ijtimoiy yordamga muxtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilar.

Kelgusi o‘quv yili uchun darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilarning ro‘yxati har yili 1 sentyabrgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan shakllantiriladi.

Bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar o‘quv yili yakunida to‘liq hajmda maktabga qaytariladi, birinchi sinf o‘quvchilariga berilgan ish daftarlari bundan mustasno.

O‘quvchini boshqa maktabga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar 3 kun ichida maktabga qaytarilishi lozim.

Bunda maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchi joriy o‘quv yilida darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanishi lozimligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi.

O‘quvchi uni qabul qilgan maktab tomonidan mazkur ma’lumotnoma asosida darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi.

Darsliklarni ijaraga olish

Darsliklar to‘plami umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armalaridan ixtiyoriylik asosida ijaraga beriladi. 

Ota-onalar o‘z hohishiga ko‘ra tegishli o‘quv yilidagi darsliklar to‘plamlarini do‘konlardan sotib olishi ham mumkin.

O‘quvchilarni chet tillari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash bepul amalga oshiriladi.

Ijara tizimidagi darsliklar to‘plami o‘quvchilarga maktab va o‘quvchining ota-onasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi.

Darsliklarni ijaraga olinganda to‘liq to‘plamda ijaraga olinadi, to‘liqsiz to‘plamda (faqat ayrim darsliklarni) ijaraga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdori respublika bo‘yicha yagona bo‘lib, u 25-avgustgacha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha maktablariga etkaziladi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.

Darsliklar ijarasi pulini to‘lash

Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi shartnomaga asosan 30 sentyabrgacha to‘liq hajmda to‘lanadi.

O‘quvchilarning ota-onalari pul mablag‘lari vaqtinchalik yo‘qligi sababli, ijara to‘lovi muddatini uzaytirish to‘g‘risida maktabga murojaat qilishi mumkin.

Bunda ijara to‘lovi muddati direktor buyrug‘i bilan uzaytirilishi kerak.

Ijara to‘lovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur to‘lovning 50 foizi 30 sentyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha to‘lanishi lozim.

Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlari umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanadi.

Darsliklar ijara asosida foydalanadigan o‘quvchilarga ijara to‘lovi to‘langandan, ijara to‘lovini to‘lash muddati uzaytirilgan hollarda, uning yarmi to‘langandan keyin taqdim etiladi.

Bunda ijara to‘lovi to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjati nusxasining maktab kutubxonachisiga taqdim etilishi darsliklar to‘plamini berish uchun asos bo‘ladi.

Darsliklardan bepul foydalanadigan o‘quvchilarga 10 sentyabrgacha darsliklar beriladi.

Ijaraga olingan darsliklarni qaytarish

O‘quvchini boshqa maktabga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga ijara asosida foydalanish uchun berilgan darsliklar 3 kun ichida maktabga to‘liq to‘plamda qaytarilishi lozim.

Bunda to‘langan ijara to‘lovi qaytarilmaydi va o‘quvchiga maktabi tomonidan darsliklar to‘plamidan foydalanish uchun ijara to‘lovi to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotnoma va tegishli to‘lov hujjatining nusxasi beriladi.

O‘quvchi uni qabul qilgan maktab tomonidan mazkur ma’lumotnoma va to‘lov hujjatining nusxasi asosida darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi.

Ma’lumotnoma yo‘qolgan taqdirda, uning dublikati beriladi.

Darsliklar ijaraga yoki bepul foydalanilayotganidan qat’i nazar, ular yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o‘quvchining ota-onasi zararni quyidagi miqdorlarda to‘laydi:

  • birinchi sinf o‘quvchilarining har bir darsligi uchun — uning bir baravari miqdorida;
  • 2 — 4 sinf o‘quvchilarining har bir darsligi uchun — uning ikki baravari miqdorida;
  • 5 — 9 sinf o‘quvchilarining har bir darsligi uchun — uning to‘rt baravari miqdorida.

 

 

Chat