Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23162 marta o'qildi

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha fuqarolarga quyidagi nafaqalar beriladi:

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
  • Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (shu jumladan, homila tushgan hollarda) 126 kun uchun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — 140 kun) muddatga to‘lanadi.
  • Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun ish (o‘qish) joyiga mehnatga layoqatsizlik varaqasini taqdim etish lozim.
  • Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yo‘qolgan hollarda nafaqa uning o‘rniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.
  • Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa ish haqining (stipendiya) 100 foizi miqdorida beriladi.
  • Nafaqa, ayol ta’tilga ketgunga qadar to‘lanadi. Agar ketgunga qadar olinmagan bo‘lsa, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilish lozim. Ushbu muddat o‘tgandan keyin nafaqa to‘lanmaydi.

Qo‘shimcha dam olish kuni uchun beriladigan nafaqa

Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ishlovchi ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola o‘n olti yoshga to‘lgunga qadar davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq to‘lagan holda oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni beriladi.

Dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa

Vafot etgan shaxsni dafn etish uchun uni qarindoshlariga, ular bo‘lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxsga nafaqa to‘lanadi. Nafaqa Pensiya jamg‘armasi yoki ishxona tomonidan to‘lanadi.

Dafn etish uchun nafaqa pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 4 baravari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi.

Dafn etish nafaqasini olish uchun murojaat qilgan shaxs uning bunga huquqi bo‘lmasa, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, nafaqani olish uchun fuqaroning o‘limi qayd qilingandan boshlab 60 kundan keyin murojaat qilgan bo‘lsa dafn etish uchun nafaqa to‘lash rad etiladi.

Dafn marosimlarini o‘tkazish uchun nafaqa pulini olishga ariza berish

Ishlab turgan xodim yoki uning oila a’zosi vafot etganda nafaqa u ishlab turgan tashkilot tomonidan to‘lanadi. 

Bunda, nafaqa xodim yoki uning qaramog‘ida bo‘lgan quyidagi oila a’zolari vafot etganda beriladi
  • turmush o‘rtog‘i;
  • 18 yoshga to‘lmagan yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz (yoshidan qat’i nazar) bolalari, aka-ukalari va opa-singillari;
  • ota-onasi;
  • bobosi yoki buvisi.


Dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish sxemasi

Hayotiy misol:

Savol: L. ismli ayol asosiy ish joyidan tashqari, boshqa korxonada ham o‘rindoshlik asosida ishlashi, 2020-yil 6-sentabrdan boshlab homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqanligi, lekin ushbu ta’til uchun unga faqat asosiy ish joyidagi lavozimi bo‘yicha to‘lov amalga oshirilib, o‘rindoshlik asosida ishlovchi ish joyidan beriladigan ish haqi miqdori inobatga olinmagani, ish beruvchining ushbu xatti-harakati to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi haqida tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Xodim asosiy ish joyidan tashqari o‘sha yoki boshqa korxonada o‘rindoshlik asosida ishlasa, nafaqa barcha ish joyidagi umumiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.

Shu sababli, ushbu holatda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani hisoblashda har ikkala (asosiy va o‘rindoshlik) ish joyidagi lavozimi bo‘yicha to‘lanadigan ish haqi miqdori inobatga olinishi lozim edi.

Chat