Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8983 marta o'qildi

Bojxona hududining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida tashkil qilinadigan, maxsus ajratib va belgilab qo‘yilgan qismi bojxona nazorati zonasidir.

Bojxona nazorati zonalari turlari:
  • doimiy bojxona nazorati zonasi — bojxona nazoratidan o‘tishi lozim bo‘lgan tovarlar va transport vositalari ushbu zonada muntazam ravishda turgan hollarda;
  • muvaqqat bojxona nazorati zonasi — bojxona operatsiyalari bajariladigan joylardan tashqarida tovarlarning va transport vositalarining vaqtincha bojxona nazoratini amalga oshirish va bojxona rasmiylashtiruvini o‘tkazish, shuningdek bojxona organlari tomonidan doimiy bojxona nazorati zonasidan tashqarida aniqlangan tovarlarning va transport vositalarining bojxona ko‘zdan kechiruvini va bojxona ko‘rigini o‘tkazish zarurati bo‘lgan taqdirda.

Bojxona nazorati:
  • bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan va (yoki) deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlarga va transport vositalariga nisbatan;
  • taqdim etilishi nazarda tutilgan bojxona deklaratsiyasiga, tovarlar to‘g‘risidagi hujjatlarga va ma’lumotlarga nisbatan;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, bojxona ishi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq, shuningdek ayrim bojxona rejimlari doirasida amalga oshiriladigan faoliyatiga nisbatan o‘tkaziladi.

Bojxona organlarining mansabdor shaxslari vakolatli shaxsdan yoki tashuvchidan tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasidan va bojxona nazorati zonasi doirasidan bojxona nazorati zonasi rejimiga muvofiq olib o‘tishni talab qilish huquqiga ega. Bojxona organi mansabdor shaxslarining vakolatlari doirasidagi farmoyishlari tovarlarni va transport vositalarini bojxona nazorati zonasining chegarasi orqali va uning doirasida olib o‘tayotgan barcha shaxslar uchun majburiydir.

Bojxona nazorati zonasi rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.

Bojxona nazoratining shakllari:
  • hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish;
  • og‘zaki so‘rov;
  • axborot olish;
  • bojxona ko‘zdan kechiruvi;
  • tovarlarning tamg‘alanganligini tekshirish;
  • bojxona ko‘rigi;
  • shaxsiy ko‘rik;
  • bojxona identifikatsiyalashi;
  • bojxona kuzatuvi;
  • binolar va hududlarni tekshirish;
  • tovarlarni va transport vositalarini hisobga olish, ularni hisobga olish tizimini tekshirish hamda ushbu tovarlarni va transport vositalarini inventarizatsiya qilish;
  • tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazorati.

Bojxona nazoratini amalga oshirishda bojxona organlari taqdim etilgan, bojxona maqsadlari uchun ahamiyatga molik hujjatlarni tekshiradi.

Zarur hollarda, bojxona nazorati amalga oshirilayotganda, shu jumladan texnik vositalarni qo‘llagan holda amalga oshirilayotganda muayyan harakatlarni bajarishda ishtirok etish va ko‘maklashish uchun maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega, manfaatdorligi bo‘lmagan mutaxassis yoki ekspert jalb qilinishi mumkin.

Chat