“Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5270-son, 30.10.2021-y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlandi.
Universitet Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning turizm, madaniy merosni boshqarish va muzeyshunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hamda ushbu sohalarni ilmiy va innovatsion tadqiq etish bo‘yicha ilmiy muassasaga aylantirildi.
2022/2023 o‘quv yilidan Shahrisabz, Marg‘ilon va Xiva turizm va servis kollejlari negizida Shahrisabz, Marg‘ilon va Xiva turizm va madaniy meros texnikumlari (Madaniy meros texnikumlari) tashkil etiladi.
Shuningdek, Toshkent turizm va servis kolleji negizida Universitetning Toshkent filiali tashkil etildi.
Har yili Universitetga Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga magistraturada davlat granti asosida ta’lim olish uchun 85 ta o‘rin ajratiladi.
Universitetning xorijiy professor-o‘qituvchilari va izlanuvchilari uchun xizmat turar joyi sifatida 20 ta uy-joy ajratib beriladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2022–2026-yillarda xorijdagi nufuzli ta’lim muassasalarida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik yo‘nalishlarida doktorantura (PhD) va magistraturada o‘qitish dasturi joriy qilinadi.
Dastur doirasida 50 nafar iqtidorli mutaxassis (40 nafari magistratura va 10 nafari doktorantura (PhD) bosqichida) o‘qitiladi.