Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2753 marta o'qildi

Otam O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, onam esa Germaniya fuqarosi, men Germaniyada tug‘ilganman, Germaniya fuqaroligiga egaman. Hozir 22 yoshdaman, qanday qilib O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olsam bo‘ladi?

Agar shaxs chet davlatning fuqaroligini tug‘ilganlik bo‘yicha yoxud chet davlat fuqarosi bo‘lgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga etmagan yoshida olgan bo‘lsa va yigirma bir yoshga to‘lguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan bo‘lsa, bunday xolat O‘zbekiston Respublkasi fuqaroligini yo‘qotish uchun asos hisoblanadi. Bundan xulosa qilsa bo‘ladiki, siz yigirma bir yoshga to‘lguningizga qadar Germaniya fuqaroligidan chiqishingiz lozim bo‘lgan, hozirda esa O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotgan hisoblanasiz.

Xorijiy davlatlarning harbiy xizmatiga kirgan shaxslar qanday aniqlanadi?

Chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirgan shaxslarni aniqlash uchun konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda idoralarning ma’lumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini o‘rganadi.
Yuqorida ko‘rsatilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

Men O‘zbekiston fuqarosiman, lekin hozir chet eldaman, lekin hozir O‘zbekistonda joylashgan merosni rasmiylashtirishim kerak, buni qanday amalga oshirishim mumkin?

Meros ochilgan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach xorijda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi meros huquqiga kirish uchun o‘zi yoki bunday huquqni uchinchi shaxslarga (ishonchnoma orqali) o‘tkazish yo‘li bilan mamlakatga qaytishi kerak. Umumiy asoslar bo‘yicha meros ishini ochish uchun mulk joylashgan joydagi notariusga murojaat qilish lozim.
Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga binoan unga meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma berishga majburdir.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan boshlab 6 oy o‘tgach beriladi.
Agar sizda meros olish uchun shaxsan kelish imkoningiz bo‘lmasa, siz o‘z huquq va majburiyatlaringizni ishonchnoma berish orqali ishonchli shaxsga topshirishingiz mumkin.

Turmush o‘rtog‘im boshqa davlat fuqarosi, men esa O‘zbekiston fuqarosi, tug‘ilajak farzandimiz qaysi davlat fuqaroligini oladi?

Agar siz O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, farzandingiz O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun ariza topshirsangiz, farzandingiz O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi. Qonun hujjatlarida qayd etilishicha, bola tug‘ilishi bilan tug‘ilgan joyidan qat’i nazar, agar uning ota-onasidan biri O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa ham, bola O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi.

O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlatning huquqni muxofaza qiluvchi organlariga ishga kirsa nima bo‘ladi?

Birinchidan, fuqaroning xorijiy davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga qabul qilinishi shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotishiga asos bo‘ladi;

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini harbiy xizmatga, xorijiy davlatlarning xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya yoki boshqa shunga o‘xshash organlariga xizmatga kirganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Chat