Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2514 marta o'qildi

Shaharsozlikda jamiyat va davlat manfaatlari deganda nimani tushunish kerak?

Fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqi, xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi punktlarining hamda ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash, shuningdek shaharsozlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligi jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
Aholi punktlarini va aholi punktlariaro hududlarni barqaror rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar tizimlarining ishlab turishi, tabiiy resurslarni va madaniy meros ob’ektlarini saqlash, shuningdek manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
Yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari, shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etish, shuningdek ularga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali ta’minlanadi.
Agar shaharsozlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar, jamiyat va davlat manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak.

So‘nggi paytlarda ko‘plab turar-joy va noturar ob’ektlar qurildi, ularga nisbatan davlat tomonidan talablar bormi?

Shaharsozlik faoliyatiga doir asosiy talablar quyidagilardan iborat:

  • shaharsozlik faoliyati sub’ektlari tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi;
  • hududlar va aholi punktlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan himoya qilish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, yong‘inga qarshi hamda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiena normativlariga rioya etish;
  • suvni muhofaza qilish zonalari, muhandislik va transport infratuzilmasi ob’ektlarining muhofaza zonalari talablariga rioya etish;
  • madaniy meros ob’ektlarini va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etish;
  • aholi punktlarini aholi punktlarining tegishli turi uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan aholiga xizmat ko‘rsatish darajasidan kam bo‘lmagan muhandislik, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalar ob’ektlari, rekreatsiya va sog‘lomlashtirish maqsadlariga mo‘ljallangan ob’ektlar, shuningdek hududlarni obodonlashtirish ob’ektlari bilan ta’minlash;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma ob’ektlaridan (turar joylar, jamoat va ishlab chiqarish binolari, imoratlari va inshootlari, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport ob’ektlari va boshqa ob’ektlardan) moneliksiz foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash.

Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik faolityatini amalga oshirishda qo‘yidagi talablarga amal qilishi shart:

  • aholining qulay hayot faoliyati muhitini asrashi;
  • shaharsozlik hujjatlariga, aholi punktlarini va hududlarni qurish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, yong‘inga qarshi hamda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiena normativlariga rioya etishi;
  • atrof-muhitga, madaniy meros ob’ektlariga, shahar, qishloq landshaftlariga, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar ob’ektlariga, hududlarni obodonlashtirish ob’ektlariga zararli ta’sir etadigan, uchinchi shaxslarning qonuniy manfaatlariga daxl etadigan hamda chegaradosh er uchastkalari, reklama va axborot ob’ektlari (konstruktsiyalari) hamda boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlarining, egalarining yoki ulardan foydalanuvchilarning huquqlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan xatti-harakatlar sodir etmasligi;
  • er uchastkalaridan va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlaridan shaharsozlik reglamentlariga rioya etgan holda foydalanishi;
  • shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlarining ko‘rsatmalarini bajarishi;
  • davlat shaharsozlik kadastri yuritilishini va shaharsozlik faoliyati ob’ektlarining monitoringini amalga oshiruvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organiga hamda ob’ektlarni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘zlariga tegishli ob’ektlardagi o‘zgarishlar haqida ishonchli ma’lumotlar taqdim etishi;
  • shaharsozlik hujjatlari materiallarini, shu jumladan kompleks muhandislik qidiruvlari materiallarini (bundan mavsumiy ishlar uchun vaqtinchalik va xo‘jalik-maishiy imoratlari, uch yuz kub metrdan oshmaydigan alohida turgan ob’ektlarga doir shaharsozlik hujjatlari mustasno) shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli hududiy bo‘linmalariga taqdim etishi shart.

Jismoniy shaxslar qanday ob’ektlarni pudratchi sifatida qurishlari mumkin (yuridik shaxs tashkil etmagan holda)?

Jismoniy shaxslar pudratchilar sifatida:

  1. ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish;
  2. mavsumiy ishlar va yaylov chorvachiligi uchun vaqtinchalik imoratlarni, xo‘jalik-maishiy binolarini qurish;
  3. yakka tartibdagi tomorqa er uchastkalari hududida, shuningdek jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan er uchastkalarida xo‘jalik-maishiy imoratlarini qurish;
  4. tomorqa er uchastkalarida va mavjud muhandislik tarmoqlarini o‘zgartirish talab etilmaydigan jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan er uchastkalarini obodonlashtirish;
  5. umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan, yig‘ma-qismlarga ajraladigan konstruktsiyalardan quriladigan savdo ob’ektlari, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari uchun bir qavatli bino va inshootlarni qurish;
  6. ikkitadan ko‘p bo‘lmagan avtomashinaga mo‘ljallangan bokslardan iborat garajlarni qurish;
  7. kichik arxitektura shakllarini qurish va hududlarni o‘rash;
  8. ochiq sport maydonchalari, yo‘laklar qurish, bino va inshootlar atrofiga tosh yotqizish;
  9. reklama va axborot ob’ektlarini (konstruktsiyalarini) qurish;
  10. mulkdorlarning shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan texnik jihatdan murakkab bo‘lmagan imoratlarni qurish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishi mumkin.

Shaharsozlik sohasida jamoatchilik nazorati mavjudmi?

Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik ekspertizasi shakllarida va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Jamoatchilik nazoratining natijalari bo‘yicha axborotga oid va tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan takliflarni o‘z ichiga olgan yakuniy hujjat tayyorlanadi.
Yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiyalar va takliflar shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Aholi punktlarida qurish qoidalari qanday?

Qurish qoidalari tegishli hududlarda va aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Qurish qoidalari energiyani tejovchi, ekologik xavfsiz, ijtimoiy foydali texnologiyalarni qo‘llash va rivojlantirishni rag‘batlantirishi va buning uchun imkoniyat yaratishi kerak.
Qurish qoidalari hududni rejalashtirish tarhi va tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktining bosh rejasi hamda har bir hududning shaharsozlik reglamentlari asosida ishlab chiqiladi.
Qurish qoidalari joriy etilgunga qadar berilgan ob’ektlarni qurish uchun ruxsat beruvchi hujjatlar haqiqiy hisoblanadi, bundan aholi xavfsizligi talablari ta’minlanmayotgan hollar mustasno.

Chat