Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 337 marta o'qildi

“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–15-son, 10.01.2024-y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2024-2025-yillar uchun elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga etkazish;
  • mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion so‘mgacha va 2025-yilda 38 trillion so‘mgacha oshirish;
  • mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda 1,5 milliard AQSh dollari va 2025-yilda 2 millard AQSh dollari miqdorida ta’minlash.

Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026-yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi. 

Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi. 

2027-yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi. 

2024-yil 1 apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik etkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferentsiyasi beriladi:

  • 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
  • 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz; 
  • 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.

Qaror bilan shuningdek, 2024-yil 1 fevraldan O‘zbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi.  

Chat