Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Toshkentda avtobus va metro qatnovlari oralig‘ini qisqartirish rejalashtirilmoqda

  • 02.11.2026
  • 40 marta o'qildi

Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirish maqsadida tig‘iz vaqtlarda avtobuslar harakati oralig‘ini 3–5 daqiqagacha, metro poyezdlarini esa 2–3 daqiqagacha qisqartirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ayrim metro yo‘nalishlarida 5 vagonli poyezdlarni yo‘lga qo‘yish va serqatnov avtobus yo‘nalishlariga katta sig‘imli transport vositalarini chiqarish nazarda tutilgan.


Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashining 2026-yil III choragi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qaroriga muvofiq, poytaxtda jamoat transporti harakatini yaxshilash bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.

Avtobuslar oralig‘i 3–5 daqiqagacha qisqartirilishi mumkin

Poytaxtning asosiy avtobus yo‘nalishlariga qo‘shimcha avtobuslar chiqarish orqali harakat intervalini 3–5 daqiqagacha qisqartirish choralari ishlab chiqiladi.

Bu tartib, avvalo, yo‘lovchilar eng ko‘p bo‘ladigan vaqtlarga mo‘ljallangan:

ertalab — soat 07:00 dan 09:30 gacha;
kechqurun — soat 17:00 dan 19:30 gacha.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni 15-noyabrdan boshlash belgilangan.

Tig‘iz vaqtlarda avtobuslar uchun qat’iy harakat jadvallari joriy qilinib, ularga rioya etilishi GPS monitoringi va markazlashgan dispetcherlik xizmati orqali har kuni nazorat qilinadi.

Metro poyezdlari har 2–3 daqiqada harakatlanishi rejalashtirilmoqda

Toshkent metropoliteniga 20-noyabrga qadar poyezdlar harakati intervalini 2–3 daqiqagacha qisqartirish bo‘yicha zarur choralarni belgilash topshirildi.

Shuningdek, Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va yer usti halqa yo‘nalishlarida 5 vagonli poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘zda tutilgan.

Metrodagi o‘zgarishlar quyidagi tig‘iz vaqtlarni qamrab olishi rejalashtirilmoqda:

07:30–09:30;
12:00–14:00;
17:00–19:30.

25 ta yo‘nalishga katta sig‘imli avtobuslar chiqarilishi mumkin

Yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan 25 ta avtobus yo‘nalishiga 20-dekabrga qadar katta sig‘imli bo‘g‘inli avtobuslarni chiqarish choralarini ko‘rish tavsiya etildi.

Bunda Uchtepa, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlariga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.

Shu bilan birga, mas’ul tashkilotlar 15-noyabrga qadar 2027-yil davomida avtobus saroylarini qo‘shimcha katta sig‘imli transport vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritishi kerak.

Kutilayotgan natija — tig‘iz vaqtlarda kutish vaqtini kamaytirish, jamoat transporti sig‘imini oshirish va yo‘lovchilar oqimini samarali tashkil etish.

Manba: Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashining VII-28-180-14-0-K/26-son qarori.

Chat