O‘zbekistonda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun kuzgi ta’til 4-noyabrdan boshlanadi va 6 kalendar kun davom etadi. 2026-yilda o‘quvchilar 4–9-noyabr kunlari dam oladi, dars mashg‘ulotlari esa 10-noyabrdan davom ettiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, umumta’lim muassasalarida o‘quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari aniq belgilab qo‘yilgan.
O‘quvchilar uchun kuzgi ta’til har yili 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun etib belgilangan.
Shunga ko‘ra, 2026-yilda kuzgi ta’til:
4-noyabrdan 9-noyabrgacha davom etadi.
Dars mashg‘ulotlari 10-noyabrdan qayta boshlanadi.
Muhim: ta’til muddati ish kunlari bilan emas, kalendar kunlar bilan hisoblanadi.
Amaldagi tartibga muvofiq:
qishki ta’til — 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
bahorgi ta’til — 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;
yozgi ta’til — oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan, bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflarda esa o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan boshlab 1-sentabrgacha davom etadi.
Agar ta’tilning oxirgi kuni qonunchilikda belgilangan bayram — ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, dars mashg‘ulotlari undan keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.
Birinchi sinf o‘quvchilari uchun fevral oyida qo‘shimcha bir haftalik ta’til ham belgilangan.
Maktablardagi ta’til muddatlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomning 26-bandida belgilangan.