Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi kimga tegishli bo‘ladi?

  • 23.03.2023
  • 460 marta o'qildi

Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asar, xizmat asari hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 34-moddasiga muvofiq xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish beruvchiga tegishlidir. 

Demak, o‘z xizmat faoliyati davomida yaratilgan har qanday mualliflik huquqi obyektlariga bo‘lgan mutlaq huquqlar (asarni takrorlash, tarqatish, barchaning e’tiboriga yetkazish, v.k.) ish beruvchiga tegishli bo‘ladi. Asarga bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqi (asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi) asar yaratuvchining o‘zida saqlanib qoladi.

Misol uchun “ABS” telekanalida ishlovchi shaxs bir necha ko‘rsatuvlarga asos solgan bo‘lishidan qat’i nazar ushbu ko‘rsatuvlargan bo‘lgan mutlaq huquqlar “ABS” telekanaliga tegishli bo‘ladi. Biroq “ABS” telekanali hamda ko‘rsatuvlar asoschisi sifatida ko‘rsatilgan shaxs o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida ko‘rsatuvlarga bo‘lgan mutlaq huquqlar shaxsga tegishli bo‘lishi nazarda tutilsa, mutlaq huquqlar shaxsga tegishli bo‘ladi.

Qonunga asosan Ish beruvchi tomonidan xizmat asariga bo‘lgan mutlaq huquqlardan foydalanish muddati 10-yil hisoblanadi hamda muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.

Chat