Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Donalab sigaret sotish mumkin emas

  • 26.05.2023
  • 2088 marta o'qildi

Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–844-son, 24.05.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi

Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bog‘liq munosabatlar, shuningdek, sohaga masʼul organlarning vakolatlari belgilandi.

Qonunga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini quyidagi holatlarda realizatsiya qilish (sotish, sotib olish va h.k.) taqiqlanadi:

  • 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va ular tomonidan; 

  • sotuvchining bevosita ishtirokisiz, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish tokchalaridan, elektron tijorat shaklida;

  • sayyor savdo qilish yo‘li bilan, ko‘chmas savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda;

  • bolalarga mo‘ljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda;

  • bolalar o‘yinchoqlariga, konfetlarga yoki bolalar uchun mo‘ljallangan boshqa tovarlarga o‘xshatib ishlangan bo‘lsa; 

  • sog‘liqni saqlash, taʼlim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida;

  • taʼlim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlarida;

  • yaroqlilik muddati o‘tganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarsiz;

  • donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), isteʼmol o‘rovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan.

Alkogol mahsulotlarini ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida isteʼmol qilish taqiqlanadi. 

Chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylar faqat chilim berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladigan, ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obyektlarda tashkil etilishi mumkin.

Alkogol mahsulotlarining isteʼmol idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi. 

Chat