Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 iyundan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

  • 31.05.2023
  • 1249 marta o'qildi

1) QR-kodli “metrika”

2023 yil 1 iyundan tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ilganlik bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kodli maʼlumotnoma beriladi va ushbu maʼlumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.

Guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYO bo‘limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

2) «To‘maris izdoshlari» paydo bo‘ladi

2023 yil 1 iyundan boshlab yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus maʼlumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

Quyidagilar «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlarining asosiy vazifalari bo‘ladi:

  • xotin-qizlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamkorlikda tadbirlarda ishtirok etish;

  • xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishga ko‘maklashish;

  • aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish hamda ularni hal etishning maqbul yo‘llarini aniqlashda yordam ko‘rsatish;

  • o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish.

3) Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining yaqinlariga imtiyozlar

2023 yil 1 iyundan boshlab:

  • a) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha taʼlim olishi taʼminlanadi;

  • b) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temiryo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;

  • v) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga:

  1. ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan masʼul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;

  2. yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;

  3. navbatdagi yillik mehnat taʼtilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha taʼtil olish huquqi beriladi.

4) Qishloq xo‘jaligi sohasida yana bir elektron tizim

2023 yil 1 iyundan boshlab qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar vazirlikning «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

5) Kontrafakt mahsulotdan himoyalanishning yana bir usuli ishga tushadi

Prezidentning tegishli qarori bilan tasdiqlangan ilovaga muvofiq (sifati buzilgan oziq-ovqat mahsulotini sotish, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish, sifatsiz yoki kontrafakt dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxdan yuqori ustama qo‘ygan holda sotish va h.k.) murojaatlar «Soliq hamkor» axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.

6) Ayrim tartib va cheklovlar bekor bo‘ladi. Jumladan:

  • to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;

  • chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.

Chat