Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Taʼlim krediti olish uchun arizalarni my.gov.uz orqali topshirish imkoniyati yaratiladi

  • 28.05.2024
  • 816 marta o'qildi

Oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga byudjet mablag‘lari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-82-son, 27.05.2024 y.) qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan oliy va professional taʼlim tashkilotlarining talaba va o‘quvchilariga taʼlim kreditlari quyidagilarni nazarda tutgan holda ajratiladi:

  1. oliy va professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olish uchun taʼlim krediti faqat kunduzgi taʼlim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi;

  2. taʼlim krediti:

  • oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;

  • oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past  bo‘lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.

Bundan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari mustasno.

Bunda taʼlim krediti:

  • OTM talabalari uchun – talabalar to‘g‘risidagi maʼlumotlar “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud bo‘lganda;

  • professional taʼlim tashkilotlari o‘quvchilari uchun – o‘quvchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lganda ajratiladi.

2024/2025 o‘quv yili boshlangungacha taʼlim krediti olish uchun arizalarni “Taʼlim krediti” axborot tizimi (taʼlim-krediti.mf.uz) va YAIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.

Chat