Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Ayrim korxonalarning maxsus (eksklyuziv) huquqlari bekor qilinadi

  • 04.06.2024
  • 783 marta o'qildi

Bozor islohotlarini yana-da jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-85-son, 03.06.2024 y.) qabul qilindi 

Farmonga ko‘ra, Qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinadi:

2025 yil 1 yanvardan:

  • “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;

  • “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;

  • “O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;

  • “O‘zkimyoimpeks” MCHJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;

2026 yil 1 iyuldan:

  • UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;

  • “O‘zenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.

2025 yil 1 yanvardan:

  • qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi;

  • mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.

2026 yil 1 yanvardan birja savdolarida sotib olingan mis katodi va mis katankasini eksport qilishga cheklovlar bekor qilinadi.

2024 yil 1 sentyabrgacha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi Hukumatga kiritiladi:

  • 2024 yil 1 oktyabrdan bosqichma-bosqich 2025 yil 1 aprelgacha respublika hududida temir yo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilish;

  • temir yo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich birxillashtirish.

Chat