Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tashkil etiladi

  • 26.06.2024
  • 840 marta o'qildi

Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-231-son, 21.06.2024 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti (Institut) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda pedagogik mahorat markazlari tashkil etiladi.

Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufidagi Respublika pedagogik taʼlim resurs markazi faoliyati ularni Institutga qo‘shish orqali tugatiladi.

Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.

Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilinadi. 

Bunda: 

  • Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi;

  • maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha “Virtual kasbiy rivojlantirish” elektron dasturi joriy etiladi.

Chat