Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 avgustdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

  • 31.07.2024
  • 863 marta o'qildi

1. Ayrim obyektlar hududning eilzilabardoshligidan kelib chiqib loyihalanadi va quriladi

“Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1avgustdan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.

2. Master-reja hududlaridagi yer uchastkalari auksionga chiqariladi

“Hududlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan joylardagi hokimliklar joriy yil yakuniga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda master-rejalarga muvofiq zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqariladi.

3. Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutiga bir necha huquqlar beriladi

“Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutiga quyidagi huquqlar beriladi:

  • raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish;

  • jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish hamda o‘rganilgan maʼlumotlar bo‘yicha xulosalar tayyorlash;

  • raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni zamonaviy raqamli kriminalistika ekspertiza turlari bo‘yicha masofaviy va anʼanaviy tarzda o‘qitish;

  • raqamli kriminalistika faoliyatini amalga oshirish hamda maxsus kriminalistika laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish uchun shartnoma asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;

  • ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari doirasida hamda texnik vosita va butlovchi ehtiyot qism sifatida foydalanish uchun Ichki ishlar vazirligida yuritiladigan raqamli axborot tashuvchi qurilmalar (mobil telefon, smartfon, planshet, kompyuter texnikasi, videoregistrator, qattiq disk, flesh xotira va tashqi jamlagichlar) kolleksiyasidan foydalanish;

  • ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur bo‘lgan statistik va boshqa axborotni vazirliklar va idoralardan bepul asosda so‘rab olish.

4. Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi

“Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra,2024 yil 1 avgustdan:

  • tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilari to‘liq hajmda Loyiha kompaniyasiga topshiriladi;

  • loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi taʼminlanadi.  

Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.

5. Ayrim kreditlar bo‘yicha klaster taʼsischilarning shaxsiy kafilligi rasmiylashtiriladi

“Paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha klasterlar taʼsischilarining shaxsiy kafilligi qo‘shimcha ravishda rasmiylashtiriladi.

6. Turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi OTMlarda amaliyot bazalari tashkil etiladi

“Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish obyektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.

Chat