Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Ipoteka kreditlarining yangi tartibi belgilandi

  • 08.02.2021
  • 3442 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (05.02.2021 y.) bilan "Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan mablag‘lar hisobidan ipoteka kreditlari ajratish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.

► Nizomga ko‘ra, Moliya vazirligi tomonidan banklarga ajratiladigan mablag‘lar va banklar tomonidan qarz oluvchilarga beriladigan ipoteka kreditlari:

  • 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bozor (foiz) stavkasida ajratiladi;
  • ular uchun annuitet to‘lovlar tartibi tatbiq etiladi va imtiyozli davr belgilanmaydi;
  • foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda o‘zgarishsiz qoladi.

► Mazkur nizom qoidalari:

  • shahar va qishloq joylarda qurilgan birlamchi uy-joy bozorida ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olishda;
  • Toshkent shahri, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tajriba tariqasida 2020 yil 1 maygacha umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish (qayta qurish) uchun ipoteka kreditlarini ajratishda qo‘llaniladi.

► Shunga ko‘ra, banklar va qarz oluvchilarga nisbatan muvofiqlik mezonlari va ularga mablag‘lar ajratish tartibi belgilandi.

► Fuqarolarga ipoteka krediti banklar tomonidan: 

  • bozor stavkasida;
  • 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
  • boshlang‘ich badali tajriba o‘tkazilayotgan viloyatlarda yakka tartibda qurilayotgan uy-joy qiymatining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • sotib olinadigan kvartira qiymatining qishloq joylarda kamida 10 foizi, shaharlarda kamida 20 foizi miqdorida;
  • qishloq joylarda va shaharlarda – 1 va 2 xonali kvartiralar uchun 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 320 mln so‘mgacha;
  • Toshkent shahrida – 1 va 2 xonali kvartiralar uchun 264 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 352 mln so‘mgacha beriladi.

Mazkur tartib yakka tartibdagi uy-joy qurlishiga ruxsat olib, lekin keyinchalik birlamchi bozorda sotish maqsadida qurilgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni ipoteka kreditlari orqali sotishga tatbiq etilmaydi.

Chat