Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

“Aqlli” migratsiya shoxobchalarida qanday xizmatlar mavjud bo‘ladi?

  • 22.01.2026
  • 47 marta o'qildi

To‘rtta tumanda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi “aqlli” migratsiya shoxobchalari ishga tushiriladi. Ularda ID karta rasmiylashtirish, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish va “zagran” pasport uchun ariza topshirish kabilar mumkin bo‘ladi. Kelasi yildan boshlab ular turistik zonalarda ham bo‘lishi mumkin.


1-maydan boshlab O‘zbekistonning to‘rtta hududidagi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida tajriba tariqasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan “aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration station) ishga tushiriladi. Bu prezidentning 19-yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan (bu haqda Gazeta kecha xabar bergandi).

Bunday shoxobchalar eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida bo‘lishi kerak. Tajriba yakunlariga ko‘ra, kelgusi yilda ularni boshqa hududlarda, shuningdek, savdo-ko‘ngilochar markazlari va turistik zonalarda ham ochish rejalashtirilgan.

Lex.uz saytida chiqqan hujjatga ko‘ra, “aqlli” migratsiya shoxobchalarida dastlab quyidagi davlat xizmatlari mavjud bo‘ladi:

Shoxobchada rasmiylashtiriladigan xizmatlar

  • O‘zbekiston fuqarosiga identifikatsiyalovchi ID kartasini rasmiylashtirish va almashtirish;
  • mulkdorni o‘z uyiga yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • mulkdor tomonidan fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarish;
  • o‘zining yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganlikni o‘zi bekor qilish;
  • O‘zbekiston fuqarolarini turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • yashash joyi bo‘yicha ma’lumotnoma berish;
  • yashash joyida ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;
  • sudlanganlik haqida ma’lumotnoma berish.

Ariza yuborish

  • xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish uchun;
  • chet el fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek, xorijda yashovchi vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif qilish uchun;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyida bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun;
  • O‘zbekiston fuqaroligiga mansub emaslik to‘g‘risida;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning viza muddatlarini uzaytirish uchun.

Ichki ishlar vazirligiga keyinchalik o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish xizmatlari turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Chat