Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi

  • 10.03.2026
  • 11 marta o'qildi

“Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–35-son, 05.03.2026 y.) qabul qilindi. 


Farmonga ko‘ra, 2026 yilda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

♦ ishlab chiqarish hajmini 8,5 trln so‘mga yetkazish;

♦ qiymati 1 mlrd AQSH dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish;

♦ 800 mln AQSH dollarlik yangi investitsiya loyihalarini boshlash.

Farmonga ko‘ra, original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida:

♦ ushbu dorilarning ishlab chiqaruvchilariga texnologiyalar transferi xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi; 

♦ yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

2027 yil 1 yanvardan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida sertifikat amal qilish muddatida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.

Farmatsevtika mahsulotlari sifati va xavfsizligi oshiriladi


Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha BHMning 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab 10 kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2028 yil 1 yanvardan boshlab:

♦ biologik faol qo‘shimchalarga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HAACP) tizimi joriy etilganligi talab etiladi;

♦ biologik faol qo‘shimchalar majburiy raqamli markirovkalashdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.

Chat