Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi

  • 12.03.2026
  • 15 marta o'qildi

Qonun (O‘RQ–1121-son, 11.03.2026 y.) bilan Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.


Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish,

➖ fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 25 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Amaldagi tahrirda fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.

Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish, 

➖ BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Amaldagi tahrirda jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda belgilangan.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, shunday harakat uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etganlik, –

➖ BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.

Amaldagi tahrirda jarimaning eng kam miqdori BHMning 25 baravari etib belgilangan.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Chat