Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonliklar kiberjinoyatchilarga akkauntlari va SIM-kartalarini bergani uchun jazolanadi

  • 13.03.2026
  • 26 marta o'qildi

Shuningdek, axborot xavfsizligi sohasidagi talablarni buzgan yuridik shaxslar uchun, oqibatlaridan qatʼi nazar, javobgarlikni kuchaytirish ham rejalashtirilmoqda. Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar prezident tomonidan maʼqullandi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda internet tarmog‘ida axborot tarqatish va maʼlumot izlash imkoniyatlari kengaymoqda. Jumladan, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilarning soni 31 milliondan oshgan bo‘lib, shundan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.

Qayd etilishicha, so‘nggi olti yilda yurtimizda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan.

Taqdimotda taʼkidlanganidek, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin ko‘payib borayotgani milliy qonunchilikka shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish va kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha normalarni kiritish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda ko‘plab fuqarolarga jabr keltirayotgan “moliyaviy piramida” uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Fuqarolarning o‘z nomlariga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari hamda abonent raqamlardan foydalanishda shaxsiy masʼuliyatini oshirish maqsadida o‘z nomidagi elektron to‘lov vositasi, kriptohamyoni, SIM-kartasi va elektron akkauntlardan kiberjinoyatni sodir etishda foydalanilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi.

Yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qatʼi nazar, maʼmuriy javobgarlikni belgilash taklif qilindi.

O‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Chat