Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi

  • 07.05.2026
  • 17 marta o'qildi

To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi


“To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–78-son, 06.05.2026 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi (Agentlik) hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.

Agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga masʼul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Agentlikning to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

▫️ to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shu jumladan, ushbu sohani nazorat qilish va tartibga solish;

▫️ to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

▫️ to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish.

☑️ O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi negizida barcha sud boshqaruvchilari aʼzoligiga asoslangan O‘zbekiston Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi.

Palata o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy tuzilmalari bilan birgalikda sud boshqaruvchilarini birlashtiruvchi yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini tashkil etadi.

Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligi oshiriladi


Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan:

♦ Sud boshqaruvchilari palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa taʼlim muassasalariga sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqi beriladi;

♦ Sud boshqaruvchilari palatasiga sud boshqaruvchisining palataga aʼzoligini to‘xtatish yoki aʼzolikdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish va shu munosabat bilan uni o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilish haqida sudga murojaat etish huquqi beriladi;

♦ sud boshqaruvchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, sud kreditorlar yig‘ilishining qaroriga asosan sud boshqaruvchisiga to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli;

♦ sanatsiya qiluvchi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) yoki Agentlik tomonidan taqdim etilmaganda, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi Sud boshqaruvchilari palatasi tomonidan maxsus elektron tizim orqali tanlangan nomzodlar orasidan sud tomonidan tayinlanishi mumkin.

Sud boshqaruvchilariga to‘lanadigan haq miqdori bazaviy va natijaga (KPI) bog‘liq qismlarga ajratiladi, bunda natijaga bog‘liq haq, shu jumladan, sanatsiya rejasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi.

To‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasi tashkil etiladi


Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan:

♦ sudgacha sanatsiya davrida banklar (kreditorlar) qarzdor bilan tuzilgan kelishuvga asosan kelishuvda belgilangan muddatga va faoliyatini tiklashga qaratilgan sanatsiya rejasini bajarish sharti bilan kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash va (yoki) to‘lashni to‘xtatib turishi, keyinchalik sanatsiya rejasiga muvofiq restrukturizatsiya qilishi yoxud kreditni restrukturizatsiya qilishning boshqa choralarini ko‘rishi mumkin;

♦ sud sanatsiyasi davrida sanatsiya rejasiga muvofiq va kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) roziligi bilan sud ajrimi asosida qarzdorning kreditlar bo‘yicha foizlarini hisoblash va (yoki) to‘lash to‘xtatib turilishi, keyinchalik esa sanatsiya rejasida belgilangan tartibda restrukturizatsiya qilinishi yoxud kreditni restrukturizatsiya qilishning boshqa choralari ko‘rilishi mumkin;

♦ soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashda garov mulki, bank kafolati yoxud sug‘urta polisi taqdim etilganda, moliyaviy holati va istisno etuvchi holatlar mavjudligidan qatʼi nazar, soliq organlari tomonidan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;

♦ soliq organlariga soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi arizalar Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi hamda ularni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi.

2026 yil 1 dekabrdan to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini onlayn monitoring qilish imkonini beradigan To‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasi ishga tushiriladi.

To‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat boshqaruvi takomillashtiriladi


“To‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–172-son, 06.05.2026 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi Adliya vazirligi tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Agentlik direktori adliya vaziri tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 1 nafar o‘rinbosarga ega bo‘ladi.

Agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida belgilangan asosiy vazifalariga muvofiq tegishli funksiyalarni amalga oshiradi hamda huquqlardan foydalanadi.

Chat