Avvalroq, har yili 1 maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, ko‘pi bilan 10 foiz miqdorida indeksatsiya qilinishi haqida xabar bergan edik. Bu hukumatning 2025 yil 31 martdagi qaroridan kelib chiqqan.
Vazirlar Mahkamasining "Yoqilg‘i-energetika resurslariga narxlarni belgilash to‘g‘risida"gi qarori bilan 2026 yil 1 iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, I va II guruh isteʼmolchilari uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh isteʼmolchilari uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi ham 1 100 so‘mni tashkil etadi.
III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi. Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashtirilgan elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:
- oyiga 200 kVt·soatgacha - 325 so‘m;
- 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha - 450 so‘m;
- 501 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha - 550 so‘m.
Qolgan maishiy isteʼmolchilar uchun:
- oyiga 200 kVt·soatgacha - 650 so‘m (hozir 600 so‘m);
- 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha - 900 so‘m (hozir 800 so‘m);
- 501 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha - 1 100 so‘m (hozirda 1000 so‘m).
Belgilangan meʼyorlardan ortiqcha isteʼmol uchun oshiruvchi koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.
1 kub metr tabiiy gaz narxi barcha isteʼmolchilar uchun (ayrim toifadagi isteʼmolchilar bundan mustasno) 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun tarif 1 kubometr uchun 2750 so‘mni tashkil etadi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib qolmoqda: isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha va boshqa mavsumlarda oyiga 100 kub metrgacha isteʼmol qilinganda 1 kub metr gaz narxi 1 100 so‘mni tashkil etadi (hozirda 1000 so‘m).
Shuningdek, qarorda energiya resurslarini yetkazib berishda yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.