Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 iyundan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

  • 01.06.2026
  • 19 marta o'qildi

Kelasi oydan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshadi, davlat xizmatchilari korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan o‘tkaziladi, qurilish obyektlari uchun ekologik talablar kuchaytiriladi hamda yangi issiqxonalar qurilishiga cheklovlar joriy etiladi.


1 iyundan quyidagi o‘zgarishlar kuchga kiradi:

  1. Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

— dori vositalari ishlab chiqaruvchilariga xorijiy konsalting xizmatlari hamda EU GMP va US FDA GMP sertifikatlarini joriy etish xarajatlarining 50 foizi, ammo 50 ming dollardan oshmagan qismi qoplab beriladi;

— ilmiy-tadqiqot institutlari va taʼlim muassasalari tomonidan yaratilgan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish, klinik sinov va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, ammo 8 ming dollardan oshmagan qismi qoplanadi.

  1. Farmatsevtika va boshqa ishlab chiqarish korxonalariga soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik 2 BHMdan oshmagan taqdirda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi. Agar qarz miqdori ushbu chegaradan oshsa, qarzdorlik yuzaga kelgan kundan boshlab 10 kun ichida ishtirok etish mumkin bo‘ladi.

  2. Tadbirkorlik subyektlariga bojxona bojlarini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

  3. Bojxona to‘lovlarini kafolatlashning umumiy usullaridan foydalangan tadbirkorlarga xavflarni boshqarish tizimi natijalariga ko‘ra kamaytirilgan miqdorda taʼminot qo‘llaniladi.

  4. Quyidagi talablar bekor qilinadi:

— «FSSC 22000», «IFS Food», «BRCGS Global Standard for Food Safety», «SQF Food Safety Code» sertifikatlariga ega korxonalar ishlab chiqargan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda sanitariya-epidemiologiya xulosasini olish;

— tovarlarni “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirishda karantin ruxsatnomasini olish.

  1. Davlat organlarida korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini aniqlash tizimi joriy etiladi. Inspeksiyalarda faoliyat yurituvchi, “yuqori” va “o‘rta” korrupsiya xavfi mavjud lavozimlardagi xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi.

  2. Agar xodimning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi “past” deb baholansa, bu uning ushbu lavozimda ishlashini cheklaydi va u majburiy tarzda korrupsiya xavfi past bo‘lgan boshqa lavozimga o‘tkaziladi.

  3. Qurilish chiqindilarini qayta ishlatish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish tartibi joriy etiladi.

  4. Arxiv xizmatlarini raqamlashtirish uchun amaldagi axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi.

  5. Sunʼiy intellektga asoslangan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xaridlarini:

— maxsus reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan; — umumiy qiymati 2 500 BHMdan oshmagan shartnomalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi.

  1. Toshkent shahrida ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli boshqa yoqilg‘ilardan foydalanuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish taqiqlanadi.

  2. Qurilish obyektlari uchun majburiy ekologik talablar joriy etiladi. Ularga havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish, onlayn-kameralarni nazorat tizimiga integratsiya qilish, loyihalash bosqichida ekologik xulosa olish va qoidabuzar kompaniyalar reytingini pasaytirish kiradi.

  3. Elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etiladi.

Aholi uchun elektr energiyasi tariflari:

• oyiga 200 kVt/soatgacha — 650 so‘m; • 201–500 kVt/soat — 900 so‘m; • 501–1000 kVt/soat — 1 100 so‘m.

Tabiiy gaz tariflari esa differensial tartibda saqlanadi. Isitish mavsumida oyiga 500 kubometrgacha va boshqa mavsumlarda 100 kubometrgacha isteʼmol qilinganda 1 kubometr gaz narxi 1 100 so‘mni tashkil etadi.

Chat