“Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–98-son, 26.05.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan Davlat byudjeti hisobidan tayanch doktorantura va doktorantura (doktorantura)da kadrlar tayyorlashda:
➖ doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklar (ustuvor ilmiy ixtisosliklar)ga ajratiladi;
➖ differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi;
➖ ustuvor ixtisosliklarga qabul qilinganlarga tadqiqot ishida zarur asbob-uskunalar xaridi uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ doktorant tahsil olayotgan tashkilotga yo‘naltiriladi;
➖ tayanch doktorantura bosqichining 1-o‘quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika va maʼlumotlar tahlili kabi fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
✅ Ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lish talabi joriy etiladi.
⛔️ Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega talabgorni mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi.
Farmonga ko‘ra, 2027 yil uchun qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik (maslahatchilik) uchun oylik to‘lov o‘rniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va o‘z vaqtida himoya qilgan doktorant uchun 1 martalik rag‘batlantiruvchi to‘lov to‘lanadi. Bunda:
► Xirsh indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi 5 dan kam bo‘lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha;
► Xirsh indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi 5 dan yuqori bo‘lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha miqdorida to‘lanadi.
Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi (Dastur) yo‘lga qo‘yiladi.
✅ Dastur doirasida:
▪️ Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ustuvor ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha muddati 3 yildan ko‘p bo‘lmagan tadqiqot loyihalari uchun har yili 1 marta tanlov eʼlon qilinadi;
▪️ tadqiqot loyihasida ishtirok etuvchi doktorant loyiha rahbari tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi hamda loyiha rahbari bir vaqtning o‘zida doktorantning ilmiy rahbari hisoblanadi;
▪️ doktorant tadqiqot loyihasi bajarilayotgan tashkilotning izlanuvchisi hisoblanadi va unga tayanch doktorantura uchun belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi.
⛔️ Farmonga ko‘ra, ilmiy darajalar berishda 2027 yil 1 yanvardan quyidagi tartiblar bekor qilinadi:
► chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
► Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida eʼlon berish;
► dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish;
► ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya eʼlon qilish;
► dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
► dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida xulosa olish;
► Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan o‘tkazish;
► himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
► taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish.
2027 yil 1 yanvardan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.