Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi

  • 01.06.2026
  • 19 marta o'qildi

O‘zbekistonda kino sohasidagi Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatiladi. Prezident ular eskicha boshqaruv va samarasiz nazorat tizimidan voz kecha olmaganini qayd etdi. Endi o‘sha soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil qilinadi.


O‘zbekistonda Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi. Bu haqda prezident madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.

Yig‘ilishda Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar haligacha eskicha boshqaruv va samarasiz nazorat tizimidan voz kecha olmayotgani qayd etildi. Shu bois, sohada ijodiy erkinlik va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida ushbu komissiya va kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi.

Endi kinoning har bir janri va mavzusidan kelib chiqib, o‘sha soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil qilinadi.

Bunda O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar ekspert guruhlari tarkibiga kiritiladi. Mutasaddilarga kino sohasida zamonaviy va shaffof tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Shuningdek, shu yilning 1 sentyabridan davlat buyurtmasi asosida kino yaratishda targ‘ibot va reklama xarajati uchun film byudjetining 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi, xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinadi. Shuningdek, xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulot yaratish bilan bog‘liq faoliyati soliqlardan ozod qilinadi.

Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘ning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi.

O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan «Oltin humo» milliy kino taqdimotining nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida har yili 5 milliard so‘mdan ajratiladi.

Yaqinda buxorolik yosh kino ijodkorlar Suxrob Qodirov va Dilshod Usmonovning «Qadam. Quyosh bolasi Yusuf» nomli qisqa metrajli filmi Fransiyaning Kann shahridagi inklyuziv filmlar xalqaro festivalida Gran-pri sohibi bo‘ldi. Ularga ijodini davom ettirish uchun 1 milliard so‘m miqdorida vaucher beriladi.

«Bizga har yili xalqaro festivallar darajasida eʼtirof etiladigan turli mavzulardagi kamida 5−10 ta sifatli filmlar kerak. Bugun xalqimiz sizlardan hayotiy kinofilmlar, seriallar va ommabop hujjatli asarlarni kutyapti», — dedi prezident.

“O‘zbekfilm”ga milliy maqom berilib, mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi. Milliy filmlarimizni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kino platformalari bilan hamkorlik kuchaytiriladi.

Chat