Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Aholi va davlat o‘rtasida sheriklik loyihalarini amalga oshirish takomillashtiriladi

  • 01.07.2026
  • 150 marta o'qildi

“Tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–243-son, 29.06.2026 y.) qabul qilindi.


Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan tashabbusli byudjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb eʼlon qilish uchun imkoniyatlar yana-da kengaytiriladi. Bunda:

• har bir deputat tomonidan “Ochiq byudjet” axborot portalida (portal) bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb eʼlon qilinadi;

• deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda Tashabbusli byudjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli byudjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.

2027 yil 1 yanvardan sheriklik loyihalarini qo‘shimcha ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to‘lov tashkilotlari va tijorat banklarining mobil ilovalari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yaratiladi.

Mobil ilovalarda portal bilan integratsiya taʼminlangan holda barcha sheriklik loyihalarining ro‘yxati va tashabbusli byudjet jarayonining onlayn statistikasi aks ettiriladi.

Qiymati BHMning 2000 baravarigacha bo‘lgan ichki yo‘llarni taʼmirlash bo‘yicha sheriklik loyihalarini tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Chat