Hukumatning “Bozorlar va savdo majmualarini raqamlashtirishni samarali tashkil etish, shuningdek, maishiy korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrga qadar sinov tarzida “E-bozor” yagona raqamli platformasi joriy etiladi. Tizim to‘liq 2027 yil 1 martga qadar ishga tushiriladi.
Platformada bozorlar va savdo majmualarining pasportlari, manzillari, bo‘sh savdo obyektlari va savdo joylari haqida ochiq maʼlumotlar joylashtiriladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar bozorlar va savdo majmualarining faoliyati haqida maʼlumot olishlari, maʼmuriyatga elektron murojaat yuborishlari va javob olishlari mumkin bo‘ladi.
“E-bozor” platformasi “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida faoliyat yuritadi. Har bir bozor va savdo majmuasiga soliq organlari xodimlari biriktiriladi va ularning ish samaradorligi har kuni tahlil qilib boriladi.
Bozorlar va savdo majmualari hududidagi hamda ularga tutash hududlardagi avtoturargohlarda xizmatlar uchun to‘lovni yagona QR-kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 avgustdan boshlab ixtisoslashtirilgan jarima maydonchalaridan transport vositalarini chiqarishga ruxsat faqat maʼmuriy ishni ko‘rib chiqayotgan organ va Majburiy ijro byurosi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Ruxsatnoma QR-kod bilan tasdiqlanadi va elektron shaklda yuboriladi.