Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish va uning davlat tili sifatidagi maqomini yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada o‘zbek tili hayotning barcha sohalarida, shuningdek, xalqaro maydonda keng qo‘llanilib, uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.
Bu borada soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini inobatga olgan holda lotin yozuvi va imlo qoidalari asosida o‘zbek alifbosini takomillashtirish zarurati yuzaga keldi.
Hujjat bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta apostrof belgisidan iborat bo‘lishi nazarda tutilmoqda, shuningdek, ayrim harflardan foydalanish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Shu bilan birga, deputatlar qonun kuchga kirgunga qadar hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning yuridik kuchini saqlab qolishni nazarda tutishni, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy ramzlari, peshlavhalari, ko‘rsatkichlari va boshqa atributlaridan belgilangan muddatgacha foydalanish imkoniyatini saqlab qolishni taklif qildilar.
"Bunday yondashuv davlat organlari va tashkilotlarining amaliy faoliyatida foydalaniladigan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini istisno etadi.
Natijada davlat byudjeti mablag‘larining asossiz sarflanishi va qo‘shimcha davlat xarajatlari yuzaga kelishining oldi olinadi, alifboga o‘zgartirishlarni bosqichma-bosqich joriy etish davlat organlari va tashkilotlari uchun moliyaviy jihatdan maqbul bo‘ladi," - deya taʼkidlandi yig‘ilishda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek alifbosidagi ayrim harflarni o‘zgartirish loyihasi 2023 yil sentyabr oyida eʼlon qilingan edi. O‘shanda to‘rtta harfni o‘zgartirish taklif qilingan edi: O‘ na õ õ, G‘ na G‘ g‘, Ch na S s, Sh na Ş ş.