Yangi xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) mavjud. Imtiyozli navbatga bo‘lgan huquq davlat axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
my.gov.uz portalida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bolalarni imtiyozli navbatga qo‘yish xizmati to‘liq avtomatlashtirildi.
Endi ariza topshirish uchun faqat o‘z imtiyoz toifangizni tanlash kifoya. Tizim barcha zarur maʼlumotlarni vazirlik va idoralarning axborot bazalari orqali mustaqil tekshiradi.
Portal orqali quyidagi toifadagi bolalar uchun imtiyozli navbatga yozilish mumkin:
— shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari va bojxona xodimlari farzandlari;
— I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar farzandlari;
— yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
— “Ayollar daftari”ga kiritilgan yolg‘iz ayollar farzandlari;
— katta opa-ukalari yoki aka-singillari ayni shu bog‘chaga qatnaydigan bolalar;
— ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli bolalar bog‘chalaridan umumiy turdagi muassasalarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar;
— kam taʼminlangan oilalar farzandlari;
— nogironligi bo‘lgan shaxslar yashovchi oilalar farzandlari;
— boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari;
— to‘rt va undan ortiq farzand tarbiyalayotgan oilalar bolalari;
— talaba ota-onalar farzandlari;
— maktablar, oliy taʼlim muassasalari, texnikumlar, kollejlar va akademik litseylar pedagoglari farzandlari.
Ariza topshirish uchun my.gov.uz portalida yoki mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish, “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga bolani qabul qilish” xizmatini tanlash, kerakli maʼlumotlarni to‘ldirish, bolalar bog‘chasini tanlash, mavjud imtiyozni ko‘rsatish va arizani yuborish lozim.