"Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026 y.) qabul qilindi.
✅ Qarorga ko‘ra, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish paytida huquq egasi o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat etmaganligi aniqlanganda:
➖ maʼmuriy javobgarlik chorasi qo‘llamasdan kechiktirish muddatidan kelib chiqib ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oshirilgan stavkalarda to‘lov undirish tizimi joriy etiladi.
Soliq to‘lovchiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joy meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan bo‘lsa:
➖ ushbu turar joyni sotishdan olingan daromadga soliq solinmasligi uchun belgilangan muddatni vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining mazkur turar joyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Shuningdek, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyga garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilandi.
Bunda ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxs mulkdorning (garovga oluvchining, taqiqni qo‘yishga yoki yechishga masʼul organning) ichki ishlar organlariga qilgan murojaati asosida uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi bekor qilinishiga avvaldan rozilik berishi zarur.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) quyidagi xizmatlar joriy etiladi:
♦ jismoniy va yuridik shaxslarga o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va avtomototransportlarni garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish;
♦ fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari to‘g‘risida maʼlumot olish va ushbu jarayonni boshqarishning quyidagi imkoniyatlarini yaratish:
▪️ telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish (faollashtirish) va o‘zi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish haqida arizalar kiritish;
▪️ telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida maʼlumot olish;
▪️ bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;
▪️ fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish.
✅ Qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.
2026 yil 1 oktyabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi maʼlumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu maʼlumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 noyabrdan boshlab:
♦ mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;
♦ mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi;
♦ reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;
♦ mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi;
♦ mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.