Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Xarid cheklarini berish bilan bog‘liq tekshirishlar to‘g‘risida

  • 31.05.2022
  • 1948 marta o'qildi

Davlat soliq qo‘mitasi oxirgi vaqtlarda xarid cheklarini berish bilan bog‘liq o‘tkazilayotgan sayyor soliq tekshirishlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim postlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Soliq organlari maʼmurchilikni amalga oshirishda quyidagilarga tayanadi:

  1. tadbirkorlar uchun bir xil sharoitdagi muhitni yaratishga erishish;
  2. “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish.

Shuningdek, Xalqaro moliya institutlari va professional ekspertlarning tahlil va xulosalari respublikamizda yashirin iqtisodiyotning ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lib, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida bu ko‘rsatkich 70 foizgacha yetishi maʼlum qilingan.

Joriy yil 1-iyundan boshlab:

  • Birinchidan, “Soliq” mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat o‘tkazilib, tadbirkorlik subyektining qonun talablarida ish yuritishi to‘g‘risida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan taʼsirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi.

Mazkur ogohlantirishdan keyin ham xulosa qilinmasdan, qonun buzilishlari davom ettirilib, ushbu tadbirkorlik subyekti bo‘yicha ikkinchi marotaba murojaat kelib tushsa belgilangan tartibda o‘rganish o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha soliq tekshiruvi tashkil etiladi.

  • Ikkinchidan, murojaat bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan yoki o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu subyekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
  • Uchinchidan, jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida, bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi.
  • To‘rtinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari, mukofot to‘lanmaydigan murojaatlar sifatida qayd qilinadi.

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu o‘zgartirishlarni inobatga olgan holda, chek talab qilib, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan fuqarolarimizni rag‘batlantirishni va noqonuniy ishlash yo‘lini tanlagan ayrim subyektlarga nisbatan taʼsirchan nazorat tadbirlarini izchil davom ettiradi.

Chat