Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda xorijga turlar sotish qoidalarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda

  • 20.07.2026
  • 33 marta o'qildi

Xorijiy kompaniyalar o‘zbekistonliklarga chet el turlarini faqat mahalliy litsenziyaga ega turoperator yoki O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan o‘z yuridik shaxsi orqali sotishi mumkin. Shuningdek, «Xavfsiz turizm» jamg‘armasini tashkil etish, har bir turpaket uchun kafolat yig‘imi joriy etish va sayyohlarga yagona turistik kod berish taklif qilinmoqda.


Turizm qo‘mitasi fuqarolarning xorijga safarlarini tashkil etish tizimini takomillashtirish va chiqish turizmi sohasida ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjatda chiqish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar va turagentlar uchun qo‘shimcha litsenziya talablarini joriy etish nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, xorijiy turoperatorlar O‘zbekiston fuqarolariga chet el turlarini faqat ikki usulda sotishi mumkin bo‘ladi:

— chiqish turizmi litsenziyasiga ega mahalliy turoperator bilan shartnoma orqali;

— yoki O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan va turoperatorlik litsenziyasini olgan o‘z yuridik shaxsi orqali.

Shu bilan birga, turagentlarga mahalliy litsenziyalangan turoperator ishtirokisiz xorijiy turoperatorlar turmahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish taqiqlanishi taklif etilmoqda.

Bu taqiq elektron platformalar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar, onlayn to‘lov tizimlari va boshqa sotuv kanallariga ham tatbiq etiladi.

«Xavfsiz turizm» jamg‘armasi tashkil etiladi

Loyihada Turizm qo‘mitasi huzurida «Xavfsiz turizm» jamg‘armasini tashkil etish taklif qilingan.

Jamg‘arma mablag‘lari turoperator yoki turagentning harakati yoki harakatsizligi oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarga moddiy tovon to‘lash uchun ishlatiladi.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda o‘zbekistonliklarni vaqtincha joylashtirish, ovqatlantirish, transport, aloqa, evakuatsiya qilish va Vatanga qaytarish xarajatlari ham ushbu jamg‘arma hisobidan qoplanishi mumkin.

Turoperatorlar kamida 50 ming dollar zaxira qilishi kerak bo‘ladi

Chiqish turizmi bo‘yicha litsenziya olish uchun jamg‘armada kamida 50 ming AQSH dollari ekvivalentida mablag‘ni zaxira qilish talabi joriy etilishi taklif qilinmoqda.

Bu talab avval litsenziya olgan kompaniyalarga ham tatbiq qilinishi mumkin. Turizm qo‘mitasi olti oy ichida amaldagi litsenziyalarni qayta ko‘rib chiqib, ularni yangi talablarga muvofiqlashtirishi rejalashtirilgan.

Har bir tur uchun kafolat yig‘imi undiriladi

Har bir sotilgan turmahsulot uchun sotuv kunidagi 0,15 BHM miqdorida maqsadli kafolat yig‘imi joriy etish taklif qilinmoqda.

Ushbu yig‘im tur narxiga kiritiladi va alohida davlat boji yoki maʼmuriy to‘lov sifatida undirilmaydi.

Mahalliy turoperator tuzgan turlar uchun yig‘imni shu operator to‘laydi. Agar xorijiy turoperator turlarni O‘zbekistondagi litsenziyalangan yuridik shaxsi orqali sotsa, yig‘imni aynan shu yuridik shaxs to‘laydi.

Mablag‘ turistik kod shakllantirilishidan oldin jamg‘armaning maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi shart. Kafolat yig‘imi to‘lanmasa, turistik kod berilmaydi va turni sotish taqiqlanadi.

Har bir sayyohga turistik kod beriladi

Chet elga safar uchun turmahsulot xarid qilgan har bir fuqaroga avtomatik tarzda yagona elektron identifikatsiya raqami — turistik kod berilishi taklif qilinmoqda.

Kod Milliy turistik platforma orqali shakllantiriladi va tur rasman ro‘yxatdan o‘tganini, kafolat yig‘imi to‘langanini hamda sayyoh chiqish turizmi kafolatlari tizimiga kiritilganini tasdiqlaydi.

Tizimga turoperator, turagent, turist, safar yo‘nalishi va muddati, transport, joylashtirish, sug‘urta hamda favqulodda holatlar uchun aloqa maʼlumotlari kiritiladi.

150 ming dollardan ortiq to‘lovlar hisobga olinadi

Agar bir turoperator yoki turagent tomonidan to‘langan kafolat yig‘imlari umumiy miqdori majburiy zaxiraning uch baravari, yaʼni 150 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshsa, ortiqcha mablag‘ni kelgusi to‘lovlar hisobiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Bu imtiyoz kamida uch yil davomida chiqish turizmi sohasida uzluksiz ishlagan va litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzmagan turoperatorlarga tatbiq etiladi.

Qonun loyihasi muhokamasi 31 iyulgacha davom etadi.

Chat