25 iyuldan boshlab abituriyentlar oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yo‘nalishi va taʼlim shaklini tanlashni boshladi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Tanlov “avval test — so‘ng tanlov” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Abituriyentlar test topshirgan fanlar majmuasi va taʼlim tiliga mos ravishda 5 tagacha OTM va taʼlim yo‘nalishini tanlashi mumkin.
Har bir yo‘nalish uchun kunduzgi, kechki yoki masofaviy taʼlim shakllari tanlanadi. Yo‘nalishlarni bir OTT doirasida ham, turli OTTlar kesimida ham tanlash imkoniyati mavjud.
Tanlovni my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshirish mumkin. “Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlariga qabul” bo‘limi tanlanib, “Xizmatdan foydalanish” hamda “OTT tanlash” tugmalari bosiladi.
Tanlov ustuvorligi hamda mavjud bo‘lsa, maqsadli qabul bo‘yicha tanlov belgilanadi, fanlar majmuasiga mos yo‘nalishlar hamda taʼlim shakllari tanlanib, “Saqlash” tugmasi bosiladi.
Telefon raqamga yuborilgan SMS-kod kiritilgach, tanlov tasdiqlanadi va “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi.
Vazirlik abituriyentlarga tanlovni 8 avgustga qadar istalgan vaqtda o‘zgartirish mumkinligini eslatdi. Undan keyin kiritilgan maʼlumotlarni tahrirlash imkoniyati bo‘lmaydi.
Shuningdek, tanlovni amalga oshirishda o‘tgan yilgi o‘tish ballariga emas, avvalo o‘z natijasi, qiziqishi va kelajakdagi kasbiy rejalarga eʼtibor qaratish tavsiya etildi. Tanlov yakunlangach shakllanadigan “Abituriyent qayd varaqasi"ni yuklab olib saqlab qo‘yish ham tavsiya qilindi.