Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, poytaxtdagi 35 ta bozor va savdo kompleksi hamda ularning shoxobchalari ommaviy savdolarga chiqariladi.
Qarorga ko‘ra, savdolarda buyurtmachi sifatida «Toshkent invest kompaniyasi» AJ ishtirok etadi. Kompaniya har bir obyekt bo‘yicha tayyor biznes loyihasini ishlab chiqadi va shu asosda obyektlar sotuvga qo‘yiladi. Bozorlarni sotishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi hamda savdoga chiqarish xarajatlari kompaniyaga o‘tkaziladi.
Hujjatda taʼkidlanishicha, bozor va savdo komplekslari hududida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari, ko‘ngilochar majmualar hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar barpo etish sharti belgilanadi. Zarur hollarda ushbu obyektlar negizida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun binolar «Toshkent invest kompaniyasi»ga o‘tkazilishi mumkin.
Sotuvga qo‘yilgan bozorlar orasida “Navro‘z” dehqon bozori, «Chilonzor buyum savdo kompleksi», «Bek to‘pi» savdo kompleksi, Sergeli dehqon bozori, Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori, “Parkent” universal savdo kompleksi, “Yangiobod” ixtisoslashgan bozori, “Aviasozlar” dehqon bozori, “Qora-qamish” va “Farhod” dehqon bozorlari, “O‘riqzor” savdo kompleksi, “Qo‘yliq” dehqon bozori hamda boshqa obyektlar mavjud.