Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalar bilan “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi

  • 13.08.2026
  • 16 marta o'qildi

“Alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–292-son, 04.08.2026 y.) qabul qilindi.


Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni taʼlim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy xodim tomonidan:

♦ ota-onaga bolani taʼlim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatib boriladi;

♦ bolaning taʼlim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanayotganligi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi, zaruratga ko‘ra boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish choralari ko‘riladi.

3–18 yoshdagi bolalarning alohida taʼlimga ehtiyojini aniqlash va davlat taʼlim muassasalariga yo‘naltirish “Inson” markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi (baholash guruhi) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

♦ baholash guruhi tomonidan 3–18 yoshdagi bolaning taʼlimga ehtiyojini baholash psixologik-pedagogik diagnostik mezonlar asosida;

 funksional imkoniyati, kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash esa nogironlikni baholash shkalasining mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida amalga oshiriladi;

♦ baholash guruhi faoliyati 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga kirish imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi

Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 maydan alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni vaucher asosida taʼlim olishiga ko‘maklashuvchi zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar bilan taʼminlash tizimi joriy etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihoni va nogironligi bo‘lgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy sertifikat olish bo‘yicha imtihon (sinov)da:

➖ belgilangan vaqt meʼyorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt beriladi hamda Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi;

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari (ixtisoslashtirilgan muassasalar)da o‘qitish bolaning individual taʼlimga ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari hamda o‘zlashtirish darajasiga muvofiq ishlab chiqiladigan individual taʼlim rejalari asosida tashkil etiladi.

2026 yil 1 sentyabrdan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta taʼlim xizmatini ko‘rsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga ushbu sinfda taʼlim oladigan har bir o‘quvchi uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:

► Toshkent shahrida BHMning 11 baravari;
viloyatlar markazi va Nukus shahrida BHMning 9,5 baravari;

► boshqa tuman (shahar)larda BHMning 8,5 baravari.

“Imkoniyatlar olimpiadasi” tanlovi o‘tkazib boriladi

Qarorga ko‘ra, har yili quyidagi tadbirlar o‘tkazib boriladi:

nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birga o‘tkaziladigan “Imkoniyatlar olimpiadasi” (Abilympics) tanloviTanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlariga BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha 1 martalik pul mukofoti beriladi;

“O‘sish va rivojlanish” (UPSHIFT) tanlovi. Bunda tanlov g‘oliblariga BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha grant ajratiladi hamda ularning loyihalarini barqaror rivojlantirish uchun ko‘ngilli maslahatchi-mentorlar orqali kompleks maslahat va hamrohlik xizmatlari ko‘rsatiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab:

davlat oliy taʼlim tashkilotlarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatuvchi o‘qituvchi-pedagog tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

oliy taʼlim tashkilotlarida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha taʼlim olayotgan talabalarga maxsus pedagogika fanlari chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘qitiladi;

maxsus pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab maxsus pedagoglarning malaka oshirish kurslari Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlar asosida onlayn yoki oflayn shaklda amalga oshiriladi.

Chat