Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Maʼmuriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etiladi

  • 18.08.2026
  • 85 marta o'qildi

Qonun (O‘RQ–1165-son, 14.08.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.


Qonun bilan iqtisodiy sudlarning maʼmuriy boshqaruv tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.

Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, maʼmuriy sudlar maʼmuriy ishlarning muhokamasi chog‘ida maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan hollarda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180 va 181-moddalaridagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilandi.

Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi kiritildi.

Shu bilan birga, maʼmuriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi.

Unga ko‘ra, maʼmuriy organlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan hamda shaxslarning huquqlari va manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida dastlabki eshituv o‘tkaziladi.

Sudya dastlabki eshituvni ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran 20 kundan kechiktirmay o‘tkazadi.

Dastlabki eshituvni o‘tkazish chog‘ida sudya:

► arizachining talablari va javobgarning eʼtirozlarini aniqlashtiradi;

► arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;

► arizachiga zarur dalillarni hamda javobgarga fikrini yozma ravishda taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlar beradi;

► arizadagi talablar va ishdagi dalillarga dastlabki huquqiy baho beradi.

Dastlabki eshituv natijasiga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirish yoki kelishuv bitimini tasdiqlash yoxud ish bo‘yicha sud muhokamasini tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

Chat