“Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–294-son, 14.08.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs (banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno) muddatli to‘lov xizmati operatori deb eʼtirof etiladi.
Yuridik shaxslarning muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Muddatli to‘lov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan so‘ng vujudga keladi.
✅ Yuridik shaxslar quyidagi tartibda Reyestrga kiritiladi:
► banklar, mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali;
► boshqa yuridik shaxslar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali.
Ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mulk muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘lishi mumkin emas.
Muddatli to‘lov xizmati operatoriga:
♦ moliyaviy isteʼmol kreditlarini ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi;
♦ muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli to‘lov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.
Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari quyidagi shartlarga muvofiq bo‘lishi lozim:
► muddatli to‘lov xizmati obyektining qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi;
► muddatli to‘lov xizmati operatorining komissiya (ustama) to‘lovlari va tovar (ish, xizmat)larning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi;
► muddatli to‘lov xizmati bo‘yicha asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, shu jumladan, vositachilik haqlari, neustoyka (jarima, penya), javobgarlikning boshqa choralari yig‘indisi yiliga muddatli to‘lov miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etishi mumkin emasligi;
► isteʼmolchi muddatli to‘lov xizmati summasini istalgan vaqtda (to‘liq yoki qisman) qo‘shimcha jarima, penya va komissiyalarsiz muddatidan oldin so‘ndirish huquqiga ega bo‘lishi;
► muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha isteʼmolchi majburiyatining eng ko‘p muddati shartnoma tuzilgan kundan boshlab 12 oydan oshmasligi.
2027 yil 1 yanvardan tovar isteʼmol kreditini taqdim etuvchi tashkilotlar qiymati BHMning 3 baravarigacha bo‘lgan tovar isteʼmol krediti shartnomalari va ularning ijro etilishi holati haqidagi maʼlumotlarni kredit byurolariga taqdim etishi talab etilmaydi.
Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmati operatorlari o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida:
• Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshirishga oid prudensial normativ va talablariga rioya qilishi;
• muddatli to‘lov xizmatlarini amalga oshirishda axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda mijozlarni raqamli identifikatsiya va verifikatsiya qilishi;
• tuzilayotgan barcha muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari va ularning ijrosi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bo‘yicha kredit byurolari bilan kredit axboroti almashinuvini yo‘lga qo‘yishi;
• muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilishda Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qarz yuki ko‘rsatkichining eng yuqori miqdori talablariga rioya qilishi shart.
Chorak yakuni bo‘yicha tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilish aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan hamda unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati ulushi 50 foiz va undan yuqori qismni tashkil etgan tovar isteʼmol krediti beruvchi tashkilotlar:
➖ hisob ro‘yxatidan o‘tishi va Reyestrga kirishi;
➖ muddatli to‘lov xizmati operatorlariga mazkur qaror bilan belgilangan talablarga rioya qilishi shart.