Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi

  • 19.08.2026
  • 88 marta o'qildi

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi


Qonun (O‘RQ–1168-son, 17.08.2026 y.) ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda energiya manbalariga ulanish va ulardan foydalanish huquqiga egaligi belgilandi.

Tadbirkorlar zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ hujjatlar loyihalari bevosita tadbirkorlar hamda ular birlashmalari ishtirokida muhokama qilinishi ko‘zda tutildi.

Tadbirkorlik subyektining faoliyati quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:

► o‘zining arizasiga asosan;

► 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga – nazorat qiluvchi organlar tomonidan;

► 10 ish kunidan ortiq, lekin 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga – sud tomonidan.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy hujjatlar va normativ-texnik hujjatlar bilan belgilangan barcha majburiy talablar davlat tomonidan Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.

Majburiy talablar reyestriga maʼlumotlar tegishli sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi.

Adliya vazirligi Majburiy talablar reyestrining operatori hisoblanadi.

Tadbirkorlik subyektlari Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ijtimoiy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi


Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb eʼtirof etilishi belgilandi.

Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

►imtiyozlar va preferensiyalar berish;

►ijtimoiy loyihalarga doir xarajatlarni subsidiyalash;

► davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish;

► moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;

► xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

► maslahat berish, uslubiy yordam ko‘rsatish va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash.

Qonunchilikka rioya etish bilan bir qatorda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shgan hamda o‘z faoliyatining inson huquqlariga, atrof-muhitga va jamoat manfaatlariga nisbatan salbiy taʼsirining oldini olish uchun choralar ko‘rgan holda tadbirkorlikni amalga oshirish masʼuliyatli biznes yuritish deb eʼtirof etiladi.

Tadbirkorlik subyekti tomonidan masʼuliyatli biznes yuritishning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:

➖ inson huquqlariga rioya etish;

➖ mehnatga va ishlab chiqarishga oid munosabatlar sohasida har qanday qonunga xilof amaliyotga yo‘l qo‘ymaslik;

➖ atrof-muhitni, o‘z xodimlarining va aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatilishining oldini olish hamda uni bartaraf etish va boshqalar.

Chat