Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Toshkent hokimligi tadbirkorlar tanqididan so‘ng dizayn-kodni joriy etish yondashuvini qayta ko‘rib chiqdi

  • 24.08.2026
  • 17 marta o'qildi

Poytaxt ma’muriyati tadbirkorlarning talablar va dizayn-kodni joriy etish tartibi yetarlicha tushuntirilmagani haqidagi e’tirozlarini asosli deb topdi. Kelgusidagi ishlar tadbirkorlar bilan ochiq muloqot va yuzaga kelayotgan masalalarni individual tartibda ko‘rib chiqish asosida olib boriladi.


Poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, shahar ko‘chalarining qiyofasidagi o‘zgarishlarni yoritish va tadbirkorlarga dizayn-kod talablarini tushuntirishga bo‘lgan yondashuv «konstruktiv tanqidiy fikr-mulohazalardan so‘ng» qayta ko‘rib chiqilgan. Endilikda ishlar ochiq muloqot, tushunarli axborot taqdim etish va yuzaga kelayotgan masalalarni individual tartibda ko‘rib chiqish asosida tashkil etiladi.

Ma’lum qilinishicha, 11-maydan 26-iyulga qadar poytaxtning 56 ta ko‘chasida dizayn-kodni joriy etish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilgan va ular 3,2 mingdan ortiq tadbirkorni qamrab olgan.

«O‘zgarishlar bevosita ta’sir qilgan tadbirkorlarning fikrini eshitish maqsadida Toshkent hokimligi hududiy Savdo-sanoat palatasi boshqarmasi bilan hamkorlikda so‘rovnoma tashkil qildi. Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, barcha holatlarda ham talablar, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va harakatlar ketma-ketligi o‘z vaqtida hamda yetarlicha tushunarli tarzda tushuntirilmagan. Ushbu e’tirozlar asosli deb topildi va keyingi ishlarda inobatga olinadi», — deyiladi xabarda.

Hokimlikda ta’kidlanishicha, hozirga qadar 509 nafar tadbirkor o‘z obyektlari fasadlarini yangi talablarga muvofiqlashtirgan, yana 2627 nafari ushbu ishlarni yakunlamoqda. Qolgan masalalar tuman hokimliklari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda individual tartibda ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, Toshkent Invest Kompaniyasi AJ, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirokida 18 ta reklama ishlab chiqaruvchi kompaniya mutaxassislari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

«Bizning vazifamiz — nafaqat fasadlarni yagona talablarga moslashtirish, balki bu jarayonni tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli qilish. Dizayn-kod poytaxt qiyofasini yaxshilashi, biznes uchun asossiz qiyinchiliklar keltirib chiqarmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi hokimlik.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida hokimlik Toshkentning dizayn-kodini tasdiqlagan bo‘lib, unda binolar va shahar muhitining tashqi ko‘rinishiga yagona talablar belgilangan. Shundan so‘ng tashqi reklamalarni demontaj qilish ishlari boshlangan — ayrim do‘konlar, kafe va restoranlar peshlavhalaridan ayrilgan, bu esa tadbirkorlarning ko‘plab shikoyatlariga sabab bo‘lgan.

Aprel oyida Biznes-ombudsman dizayn-kodni joriy etish me’yorlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan, chunki ayrim qoidalar amaldagi qonunchilikka mos kelmasligi bildirilgan.

Chat