Yangi tizim Shota Rustaveli ko‘chasida ikki yo‘nalishda ham ishlaydi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
O‘tkazilgan sinovlar natijasiga ko‘ra, Janubiy vokzaldan Grand Mir Hotel mehmonxonasigacha bo‘lgan yo‘nalishda harakatlanish vaqti 11 daqiqa 30 soniyadan 8 daqiqagacha qisqargan. Qizil chiroqda to‘xtashlar soni esa 6 martadan 2 martaga kamaygan.
Qarama-qarshi yo‘nalishda ham yo‘lga sarflanadigan vaqt 12 daqiqadan 8 daqiqa 30 soniyaga tushgan. To‘xtashlar soni 6 martadan 2 martaga kamaygan.
Shu tariqa, har ikki yo‘nalishda harakatlanish vaqti 3 daqiqa 30 soniyaga yoki qariyb 30 foizga qisqargan.
Mutaxassislar «Yashil to‘lqin» tizimi barcha svetoforlarda yashil chiroq bir vaqtda yonishi degani emasligini taʼkidladi. Tizimda avtomobilning yo‘lning muayyan qismini bosib o‘tishi uchun zarur vaqt hisobga olinadi va keyingi har bir svetofor uchun yashil signal yoqiladigan alohida vaqt oralig‘i belgilanadi.
Haydovchi yashil chiroqda harakatni boshlab, belgilangan tezlikka rioya qilsa va transport oqimi erkin bo‘lsa, keyingi svetoforlarga yashil signal yonishi vaqtida yetib borishi mumkin.
Qayd etilishicha, «Yashil to‘lqin» tizimi tezlikni oshirish uchun emas, balki transport harakatini bir maromda va xavfsiz tashkil etish uchun joriy etilmoqda. U ortiqcha to‘xtashlar, chorrahalardagi navbatlar va kutish vaqtini qisqartirish, shuningdek, yoqilg‘i sarfi hamda zararli chiqindilar hajmini kamaytirishga xizmat qiladi.