Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Telefon raqami orqali pul o‘tkazish yanada qulaylashadi

  • 26.08.2026
  • 28 marta o'qildi

Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami asosida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalari (ro‘yxat raqami 3930, 2026-yil 24-avgust) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.


Fuqarolar endilikda bank rekvizitlarini kiritmasdan, mobil telefon raqami orqali pul o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Buning uchun foydalanuvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvarag‘iga bog‘lanadi. Shundan so‘ng boshqa shaxsga pul yuborishda uning bank hisobvarag‘i yoki plastik kartasi rekvizitlari shart emas — telefon raqamini kiritishning o‘zi kifoya.

Pul o‘tkazmalari:

24/7 rejimida va real vaqt rejimida amalga oshiriladi;

➖ o‘tkazmani tasdiqlashdan oldin oluvchining F.I.O., banki va vositachilik haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi;

➖ axborot va kiberxavfsizlik hamda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha talablar asosida amalga oshiriladi;

➖ foydalanuvchi telefon raqamini o‘z bank hisobvarag‘iga bog‘lashni istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin;

➖ bir bank doirasida esa bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobvarag‘iga bog‘lashga ruxsat etiladi.

Mazkur tartib fuqarolar uchun pul o‘tkazmalarini tez, sodda va qulay amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Chat