O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Milliy ijtimoiy himoya agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand fuqarolarni «Ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Endilikda nafaqat aholining daromadlari, balki surunkali kasalliklar, nogironlik, ko‘p farzandlilik, shuningdek, oila a’zolaridan birining xorijda ishlashi kabi omillar ham hisobga olinadi. Buning uchun ko‘p o‘lchovli baholash tizimi joriy etiladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha kamaygan. Shu bilan birga, uch yoshgacha farzandi bo‘lgan oilalar orasida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.
«Farzandini parvarish qilayotgan ota-onalarning uyida yoki mahallasida ishlab, daromad topishiga imkon beradigan tizim yaratamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.