O‘zbekistonda ijtimoiy reyestrga kiritilgan ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan nafaqa to‘lanadi. Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarni «passiv daromad» bilan ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy paketlar uchun 300 milliard so‘m ajratilgan.
Bunday yordam olgan 11 mingta oilaning yarmida daromadlar sezilarli darajada oshgan. Shu munosabat bilan ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini bir hafta muddatda kiritish topshirildi.
Kelgusi yildan boshlab reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘chalardagi xarajatlari, o‘quv markazlari uchun to‘lovlar, yo‘l haqi, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi yotoqxonasida yashash xarajatlari vaucherlar orqali qoplanadi.
Vaucher 12 oy muddatga beriladi va ehtiyojmand oila «Ijtimoiy reyestr»dan chiqarilganidan keyin ham o‘z amal qilish muddatini saqlab qoladi.