Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda shifokor va farmatsevtlar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi

  • 07.09.2026
  • 55 marta o'qildi

2027-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Ro‘yxatdan o‘tmagan mutaxassislarga tibbiy yoki farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi.


O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha takliflar Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim qilindi.

Yangi tizim aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholashga qaratilgan.

Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oluvchi yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning ta’limi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni bir joyda jamlaydi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. 2030-yildan ro‘yxatdan o‘tmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi.

Mutaxassislarning malakasini baholash bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Dastlab fundamental va klinik fanlar, keyin esa tegishli mutaxassislik bo‘yicha imtihon olinadi.

Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, shuningdek, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislarga uni qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq qo‘shilgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish ham taklif qilinmoqda.

Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat ro‘yxatiga kiritilgan oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga esa 2,5 baravarigacha ustama to‘lash taklif etilmoqda.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham rejalashtirilgan.

Chat